Dunyo

Rossiyaning bir qancha hududlarida 2032-yilgacha kriptovalyuta mayning taqiqlandi

Rossiyaning ayrim hududlarida 2032-yilgacha kriptovalyuta mayningiga cheklovlar joriy etildi.

Rossiya hukumati 2026-yil 15-avgustdan 2032-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatda bir qator hududlarda, jumladan, Moskva shahri, Moskva viloyati va Kursk viloyatining ayrim tumanlarida kriptovalyuta mayningi (shu jumladan, mayning guruhlarida ishtirok etish) bilan shug‘ullanishni taqiqladi. Bu haqda “RBK” nashri xabar berdi.

Bosh vazir Mixail Mishustin tomonidan imzolangan tegishli qaror huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi. Kursk viloyatida ushbu taqiq Belovskiy, Bolshesoldatskiy, Glushkovskiy, Korenevskiy, Lgovskiy, Rilskiy, Sudjanskiy va Xomutovskiy munitsipal tumanlarida, shuningdek, Lgov shahrida kuchga kiradi.

Aprel oyida Moskva viloyati Energetika vazirligi hududda mayningni taqiqlash taklifini ilgari surgan edi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, mayning taxminan 1 GVt quvvatni iste’mol qiladi. Moskva viloyati energetika vaziri Sergey Voropanov bu holat mintaqa iqtisodiyotiga hech qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlagan edi.

Ushbu o‘zgarishlar mamlakatning energiya tanqisligi mavjud bir qancha hududlarida mayningni taqiqlovchi 2024-yildagi 1869-sonli qarorga kiritildi. Bu hududlar qatoriga Checheniston, Dog‘iston, Ingushetiya, Qorachoy-Cherkesiya, Kabardino-Balkariya, Rossiyaning yangi hududlari hamda Irkutsk viloyatining ayrim hududlari kiradi.

2024-yil oktyabr oyida prezident Vladimir Putin mayningni tartibga soluvchi qonunni imzolagan edi. Qonunda, jumladan, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar raqamli valyutani qonuniy mayning qilish uchun Federal soliq xizmatida ro‘yxatdan o‘tishi shartligi belgilangan. Hukumatga ayrim hududlarda raqamli valyuta mayningini taqiqlash hamda cheklovlar kiritish tartibi va sabablarini belgilash vakolati berilgan.

21-iyul kuni Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda “Raqamli valyuta va raqamli huquqlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu qonun Rossiyada kriptovalyutalar muomalasini tartibga soladi.

Xususan, unga ko‘ra bitimlar birjalarda amalga oshiriladi, aktivlarni saqlash va hisobni yuritish uchun esa raqamli depozitariylar mas’ul bo‘ladi. Qonun, shuningdek, bozorga yangi ishtirokchi — kriptoalmashtirgichlar kirib kelishini nazarda tutadi. Ulardan rasman ro‘yxatdan o‘tish va kapital bo‘yicha talablarga rioya qilish talab etiladi. Kuni kecha Rossiyada banklardan rekord miqdorda naqd pul yechib olingani haqida xabar berilgandi.

qonunchilikrossiyakriptovalyutaenergetikamayningtaqiqraqamli valyutatartibga solish