Rossiya Kiyevdagi AQSHning dron zavodini yo‘q qilgan

Rossiya qo‘shinlari 26-iyul kuni Kiyevga bergan zarba natijasida AQSHning Terminal Autonomy kompaniyasiga tegishli dron zavodi vayron bo‘ldi. Bu korxona yuqori aniqlikdagi dronlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. Bu haqda Meduza The Guardian nashriga tayanib xabar berdi.
Terminal Autonomy kompaniyasi 2023-yilda AQSHning Delaver shtatida tashkil etilgan. U sun’iy intellekt va Rossiyaning radioelektron kurash tizimlariga chidamli mo‘ljalga olish tizimi bilan jihozlangan uzoq masofali dronlar ishlab chiqaradi. Hujum oqibatida hech kim halok bo‘lmagan. Kompaniya The Guardian so‘rovlariga javob bermadi.
**Rossiya Mudofaa vazirligining bayonoti**
Rossiya Mudofaa vazirligi 26-iyuldagi hisobotida rus qo‘shinlari Kiyevning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan dron yig‘ish va saqlash joyiga zarba berganini ma’lum qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu yerda Ukraina-Amerika kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida oyiga mingtagacha dron ishlab chiqarilgan. Biroq kompaniya nomi oshkor etilmagan.
The Guardian nashrining qayd etishicha, bu zarba Rossiya kuchlarining Amerika kompaniyasi obyektini qasddan nishonga olgan birinchi holati bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, rus qo‘shinlari ilgari ham Ukrainadagi Amerika kompaniyalariga hujum qilgan.
AQSH razvedkasining sobiq yuqori lavozimli xodimi Entoni Vinchi shunday dedi: “Ishlab chiqarish korxonasi kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, rossiyaliklarga baribir. Bu ular uchun baribir nishon hisoblanadi. U Amerikanikimi yoki boshqanikimi — buning ular uchun ahamiyati yo‘q”.
Iyul oyining boshida prezident Donald Tramp AQSH Ukrainaga Patriot zenit-raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berishini aytgan edi. Vinchi bu haqda quyidagicha qo‘shimcha qildi: “Agar Patriot raketalari yoki boshqa Amerika tizimlari Ukrainada ishlab chiqarilsa, Rossiya ushbu ishlab chiqarish korxonasini ham nishonga oladi deb o‘ylayman”.
Kuni kecha Ukraina AQSH va Fransiya yordamida Rossiya neft zavodlariga zarba bergani haqida xabar berilgandi. Mamlakatlar Kiyevga Rossiya havo mudofaasi tizimlari qayerda joylashganini aniqlashda yordam beruvchi razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Ukrainalik mulozimlarga ko‘ra, bu ma’lumotlar dronlarga havo mudofaasini aylanib o‘tib, neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishga imkon yaratgan.

