Dunyo

Reuters: Rossiyada jazo o‘tayotgan AQSh fuqarosi og‘ir ahvolda

Rossiyada jazo o‘tayotgan AQSh fuqarosi, sobiq dengiz piyoda askari Robert Gilman psixiatriya bo‘limiga yotqizildi. Reuters agentligiga ko‘ra, huquq himoyachilari uning ahvoli o‘ta og‘ir ekani va qamoqxonada qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, 2022-yildan beri Rossiyada hibsda saqlanayotgan AQSh fuqarosi, sobiq dengiz piyodasi Robert Gilmanning ahvoli og‘irlashgan. U dissotsiativ stupor holatiga tushgan va uning hayoti xavf ostida bo‘lishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, iyun oyining oxirida Voronejdagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan Gilman qamoqxona shifoxonasidan shahar kasalxonalaridan birining psixiatriya bo‘limiga ko‘chirilgan.

Global Reach huquq himoya tashkiloti vakili Erik Lebsonning ma’lum qilishicha, Gilman katatoniyaga o‘xshash holatda bo‘lib, shifokorlar unga "dissotsiativ stupor" tashxisini qo‘ygan. Bu holatda inson ixtiyoriy harakat qilish va tashqi ta’sirlarga javob berish qobiliyatini deyarli yo‘qotadi.

Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, Gilman hozir muloqot qila olmaydi, ovqat va suyuqliklar zond orqali berilyapti, ko‘zlari esa doimo yopiq holatda. Shu sababli u sud majlislarida ham ishtirok eta olmayapti.

Foley Foundation jamg‘armasi vakili Elizabet Richards ham mahkum zarur tibbiy yordamni olmayotgani va uning hayoti hamda xavfsizligi yuzasidan jiddiy xavotirlar mavjudligini bildirgan.

Richards va Lebsonning ta’kidlashicha, Robert Gilman qamoqda og‘ir sharoitlarda saqlangan, qiynoqlarga hamda ongga ta’sir qiluvchi dori vositalari in’yeksiyalariga duchor bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ularning fikricha, aynan shu omillar uning fuqarolik shifoxonasiga o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio 23-iyul kuni Manilada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvida Gilman masalasini ham ko‘targan. Vashington 32 yoshli AQSh fuqarosini shoshilinch tibbiy yordam olishi uchun ozod qilishga erishishga harakat qilmoqda.

Robert Gilman 2022-yilda Voronejda politsiya xodimiga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llaganlik aybi bilan avval 4,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, keyin jazo muddati 3,5 yilga qisqartirilgan edi. Biroq 2024-yilda koloniya xodimlariga hujum qilganlik aybi bilan uning jazosi 10 yilgacha uzaytirilgan. Ayblanuvchi ayrim xodimlarni urganini tan olgan, ammo bu harakatlarini turli mojarolar bilan izohlagan.

diplomatic effortsimprisonmenthuman rightsrobert gilmanus citizenhealth crisisrussiatorture allegations