“Real” Vinisiusning maoshini oshirmoqchi — ESPN

"Real" Vinisiusga yuqori maosh taklif qilmoqda — ESPN
Madridning "Real" futbol klubi braziliyalik hujumchi Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha yangi taklif bilan chiqdi. ESPN nashrining xabar berishicha, Jahon chempionatidan so‘ng qariyb bir yilga to‘xtab qolgan muzokaralar yana jonlangan.
Manbaga ko‘ra, Ispaniya klubi futbolchi uchun moliyaviy shartlarni yaxshilagan. Endilikda Vinisiusga yiliga 22 million yevro maosh taklif qilinmoqda, bu avvalgi taklifdan ko‘proq.
Biroq, bu taklif hamon futbolchini qoniqtirmayapti. Ma'lumotlarga ko‘ra, 26 yoshli braziliyalik yulduz bir mavsum uchun qariyb 30 million yevro maosh olishni maqsad qilgan. Hozirda uning yillik maoshi taxminan 17,5 million yevroni tashkil etadi.
Vinisiusning "Real" bilan amaldagi kelishuvi 2027-yilgi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Agar shartnoma uzaytirilmasa, u yanvar oyidan boshlab boshqa jamoalar bilan erkin muzokaralar olib borishi va o‘zi istagan klub bilan dastlabki shartnomani imzolash huquqiga ega bo‘ladi.
ESPN taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, futbolchining o‘zi va uning vakillari ushbu bitimni uning faoliyatidagi eng asosiy va yirik shartnoma bo‘ladi deb hisoblamoqda. Shu bois ular poytaxt klubi muzokaralarda nafaqat Vinisiusning yoshini, balki uning 2018-yilda jamoaga kelib qo‘shilganidan buyon "Real" erishgan yutuqlarga qo‘shgan ulkan hissasini ham inobatga olishiga umid qilmoqda.

