Razvedka: Putin yaqin yillar ichida NATO mamlakatlaridan biriga hujum qilib ko‘rishi mumkin
Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas esa Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi muhim infratuzilmaga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Moskva Ukraina dronlaridan foydalanishi mumkin.

Razvedka maʼlumotlariga koʻra: Putin yaqin yillarda NATO davlatlaridan biriga hujum qilib, alyansning qatʼiyatini sinab koʻrishi mumkin.
"The Wall Street Journal" nashrining yozishicha, Amerika razvedkasi Vladimir Putin yaqin bir necha yil ichida NATOga aʼzo davlatlardan biriga cheklangan hujum uyushtirib, "NATOning qatʼiyatini sinab koʻrishi" mumkin, deb hisoblaydi. Bu taxminlar yangi razvedka hisobotlarida keltirilgan.
Avvalroq AQShda Ukrainadagi harbiy harakatlar davom etayotgan bir paytda Putin NATO bilan mojaroda keskinlik keltirib chiqarmaydi, deb hisoblangan edi. Biroq, endi baholar oʻzgargan: tahlilchilar fikricha, Rossiya-Ukraina urushida sezilarli muvaffaqiyatlar yoʻqligi fonida Rossiya prezidentiga qandaydir muhim gʻalaba kerak. WSJ nashri "burchakka siqib qoʻyilgan Putin yanada xavfliroq boʻlib qolishi mumkin" degan xavotirlar mavjudligini yozadi.
Razvedka tomonidan koʻrib chiqilayotgan ehtimoliy tahdidlar koʻlami turlicha boʻlib, kiberhujumlar yoki biror hududni bosib olish uchun diversantlar yuborishdan tortib, NATOning sharqiy qanotidagi mamlakatlardan biriga cheklangan tarzda bostirib kirishgacha boʻlishi mumkin. Oxirgi ssenariyning ehtimoli hozircha past deb baholanmoqda, biroq vaqt oʻtishi bilan bu ehtimol ortib boradi.
Amerika rasmiylari fikricha, ehtimoliy hujumdan maqsad alyansni parchalash boʻlishi mumkin. Keng koʻlamli bosqin NATO Nizomining Kollektiv mudofaa toʻgʻrisidagi beshinchi moddasini ishga tushirishga sabab boʻladi, ammo gibrid hujumlar yoki kiberhujumlar amalga oshirilgan holatlar uchun alyansda aniq belgilangan harakat rejasi yoʻq. Masalan, Putin AQSh bunday holatda ittifoqchilarga faqat cheklangan yordam koʻrsatishi mumkinligiga umid qilishi mumkin.
Amerika razvedkasiga koʻra, Rossiya tomonidan tajovuzkor harakatlar 2026-yil kuzidan 2029-yilga qadar boʻlgan oraliqda kuzatilishi mumkin.
NATOdagilar WSJ’ga bergan rasmiy izohida "muntazam ravishda turli ssenariylar oʻylanishi" va ularga tayyorgarlik koʻrilishini aytishgan. Alyans vakili Martin OʼDonnell tashkilot "zarurat tugʻilganda tiyib turish va mudofaalanishga tayyorligi"ni namoyish etishda davom etayotganini taʼkidlagan.
Litva mudofaa vaziri Robertas Kaunas shu kunlarda Rossiya Boltiqboʻyi mamlakatlaridagi muhim infratuzilmaga zarba berish imkoniyatini koʻrib chiqayotganini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, buning uchun Moskva Ukrainaning qoʻlga olingan dronlaridan foydalanishi mumkin. Kaunas Gʻarb ittifoqchilari orasida Ukrainaga boʻlgan ishonchni yoʻqotish va uni qoʻllab-quvvatlashni kamaytirish ehtimoliy hujumlarning maqsadi boʻlishini aytgan. Shu bilan birga, u hozircha "toʻgʻridan-toʻgʻri tahdid" yoʻqligini qayd etgan.

