Siyosat

Rossiya kuzda NATOga hujum qilishi mumkin — AQSH razvedkasi

**AQSH razvedkasi: Rossiya 2026-yil kuzida NATOga hujum qilishi mumkin**

Amerika Qo‘shma Shtatlari maxsus xizmatlari Vladimir Putinning 2026-yil kuzidayoq NATOning sharqiy qanotiga hujum qilish ehtimolini istisno etmayapti. The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, kiberhujumlardan tortib kichik desant operatsiyalarigacha bo‘lgan turli ssenariylar ko‘rib chiqilmoqda.

Ilgari AQSH Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATOga a’zo mamlakatlarni provokatsiya qilmaydi, deb hisoblar edi. Biroq, amerikalik rasmiylarning WSJ nashriga ma’lum qilishicha, 2026-yil boshida bu baholash o‘zgargan.

Ukraina dronlari Rossiyaning neft infratuzilmasiga tobora ko‘proq zarar yetkazmoqda. Frontda esa Rossiya qo‘shinlari katta yo‘qotishlar evaziga arzimas miqyosda ilgarilamoqda. Shu sababli Putin qiyin ahvolda qolgan va unga qandaydir harbiy muvaffaqiyat kerak.

AQSH va Yevropa Rossiyaning NATOning matonatini sinovdan o‘tkazayotganiga oid belgilarni tobora ko‘proq ko‘rmoqda. Bularga Polshaga tushgan Rossiya qanotli raketalari va so‘nggi haftalarda Ruminiya havo hududiga bir necha bor kirib kelgan dronlar kiradi.

AQSH maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumi 2026-yil kuzidan 2029-yilgacha bo‘lgan muddatda sodir bo‘lishi mumkin. Amerika rasmiylarining ta’kidlashicha, Putinning maqsadi alyansni parchalashdir.

Eng xavfli ssenariy – cheklangan desant operatsiyasi amalga oshirilishi ehtimoli kichik bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan ortib bormoqda. Shuningdek, 2014-yilda Qrimda bo‘lgani kabi, hududlarni egallash uchun qurolli guruhlarni yuborish ehtimoli ham mavjud.

Biroq, har ikkala ssenariy ham ehtimoli kam deb hisoblanadi. Chunki bu alyans a’zolarini jamoaviy mudofaaga majbur qiladigan NATO shartnomasining 5-moddasini ishga tushirib yuboradi.

“Biz har qanday ssenariyga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. NATO vaziyatni kuzatmoqda. Zarur bo‘lganda xavfning oldini olishga va mudofaaga tayyormiz, buni amalda ham ko‘rsatishda davom etyapmiz”, dedi NATO matbuot kotibi, polkovnik Martin O’Donnell.

Avvalroq Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyada raketa bo‘linmasini joylashtirishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

natokiberhujumukraina urushiaqsh razvedkasidesant operatsiyasimoddarossiyahujum