Siyosat

“Har yili NATOga a’zo bo‘lishimiz haqida ertaklar tingladim” — Zalujniy

**Zalujniy: "Har yili NATOga a'zo bo'lishimiz haqidagi ertaklarni tingladim, afsuski, biz hech qachon unga kirmaymiz!"**

Ukraina armiyasining sobiq bosh qo'mondoni, hozirda Buyuk Britaniyada elchi lavozimida faoliyat yuritayotgan Valeriy Zalujniyning so'zlariga ko'ra, Ukraina hech qachon NATOga a'zo bo'lmaydi. Bu haqda "Yevropeyskaya pravda" nashri xabar berdi.

Zalujniy mamlakat Konstitutsiyasida mustahkamlangan NATOga a'zo bo'lish yo'lini istiqbolli deb hisoblamasligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, u NATOni juda yaxshi biladi va 12 yil davomida shaxsan uning standartlarini o'zlashtirish ustida ishlagan. "Har yili NATOga a'zo bo'lishimiz haqidagi ertaklarni tingladim. Afsuski, biz hech qachon unga kirmaymiz!" dedi u.

Zalujniy Ukraina Qurolli kuchlarining hozirgi rivojlanish darajasi bilan alyansga qo'shilish imkoni yo'qligini qayd etdi. U, shuningdek, NATO Ikkinchi jahon urushi doktrinalariga amal qilayotganini aytib, alyans salohiyatini juda salbiy baholadi. "Ukraina Qurolli kuchlaridagi hozirgi rivojlanish darajasi bilan Ikkinchi jahon urushi doktrinalariga tayanadigan tashkilotga qo'shilishning imkoni yo'q. Katta ehtimol bilan, NATO hozirgi holaticha qolaveradi va Rossiya darajasining teng yarimiga yetib olish uchun kerakli standartlarga o'tguniga qadar, Ukraina kabi yana 12 yil kerak bo'ladi", dedi u.

Shunga qaramay, Zalujniy bugungi kunda Ukrainaga NATO mamlakatlarida mavjud bo'lgan texnologiyalar kerakligini tan oldi. U Ukraina uchun kelajakda shakllanadigan boshqa ittifoqlar samaraliroq bo'lishini qo'shimcha qildi. "Katta ehtimol bilan, gap Yevropaning harbiy-siyosiy xavfsizlik bloki haqida ketmoqda", dedi Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo'mondoni.

U, shuningdek, Ukraina Buyuk Britaniya boshchiligidagi harbiy koalitsiya — Birlashgan ekspeditsiya kuchlariga (JEF) a'zo bo'lish ustida ishlamayotganidan afsusda ekanini bildirdi. NATOdan farqli o'laroq, JEF o'z ishtirokchilarining bir-birini o'zaro himoya qilish majburiyatini nazarda tutmaydi.

Valeriy Zalujniy 2021-2024-yillarda Ukraina Qurolli kuchlariga qo'mondonlik qilgan. 2024-yil fevral oyida u ishdan bo'shatilib, Londonga elchi etib yuborilgan. Tahlilchilar buni prezidentning siyosiy raqobatchisini yo'q qilishga urinishi deb baholagan. Zalujniy navbatdagi prezidentlik saylovlarida nomzodini qo'ymoqchi. U iyul oyida prezident Zelenskiy bilan uchrashib, bu haqda ma'lumot bergandi.

natoukrainediplomacypoliticssecuritymilitaryzaluzhnyijef