Sport

“Rakurs”. UEFA nimadan qo‘rqdi?

"Rakurs". UEFA nimadan cho‘chidi?

So‘nggi yillardagi jahon chempionatlari orasida Qatardagi musobaqa alohida ajralib turadi. Uning tomoshabop o‘tishiga sabab bo‘lgan omillardan biri – o‘tkazilish vaqti. Dekabr oyida futbolchilar ancha yaxshi formada bo‘lishadi, chunki klublar aynan shu davrda ularning eng yuqori cho‘qqiga chiqishini ta’minlashga intiladi. Boshqa turnirlar esa ko‘pincha pastroq temp bilan yodda qolgan, chunki mavsum davomidagi yuklamalar ortib borishi sababli futbolchilar iyun oyiga kelib charchoq bilan musobaqaga kirishadi. So‘nggi Yevropa chempionati ham yuqori temp bilan esda qolmadi. Bu tanqid emas, balki bugungi kun sharoitlaridagi oddiy holat. Jahon chempionati bizga o‘xshagan kichik terma jamoalar va o‘rtamiyona davlatlar uchun bayram bo‘lsa, favoritlar uchun chempionni aniqlash jarayonidir. Bosim katta, shuning uchun optimal bo‘lmagan holatda uni ko‘tarish qiyin – Angliya, Portugaliya, hatto Fransiyada ham bu sezildi, jamoalar turnir oxiriga yaqinlashgan sari og‘irlashib bordi.

Keksa muxlislar yaxshi bilishadi, avvallari bunday emas edi. 90-yillargacha o‘tgan mundiallar o‘sha davrning eng yorqin futbol tomoshasi, futbolning o‘ziga xos reklamasiga aylanardi. Hozirgidek ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmagan, futbol atrofidagi kontent ancha kam bo‘lgan davrda faqat o‘yinning o‘zi bilan hamma e’tiborini qozonish juda qiyin edi, ammo buni uddalashgan. Buning bir nechta sababi bor.

Birinchidan, avvalgi davrlarda asosiy futbol terma jamoalarniki edi. Chunki u paytlarda kuchli beshlik ligalariga hozirgidek katta pullar kirmagan, Chempionlar Ligasi kabi musobaqalar ancha kamtar bo‘lib, futbolchilar o‘zini ko‘rsatish, tarixda qolish, "Oltin to‘p" yutish uchun faqat va faqat terma jamoa safida o‘zini namoyish etishi talab etilardi.

Ikkinchidan, futbolchilar yozda ham yaxshiroq sport formasida bo‘lgan. YCHL va saralashlardagi format boshqacha bo‘lgani uchun o‘yinlar soni kam edi. Shu bilan birga, yetakchi klublar uchun bu o‘yinlardagi yuklama ham kamroq edi – o‘rtamiyona va autsayder klublar hozirgidek qattiq qarshilik ko‘rsata olmasdi. Qolaversa, emotsional jihat ham bor: futbolchi baribir muhimroq va kattaroq musobaqaga o‘zini yaxshiroq tayyorlaydi, bor imkoniyatini aynan terma jamoa safidagi o‘yinlarga berishga urinadi.

Uchinchidan, u paytlarda terma jamoalar klublardan kuchliroq edi, menimcha. Hozir esa aksincha, Chempionlar Ligasida favorit sanaladigan klublarning har biri o‘ziga xos dunyo terma jamoasiga aylangan. Ular eng kuchlilarni yig‘ib olish bilan birga, tinimsiz mashg‘ulotlar va doimiy birga bo‘lishi sababli o‘ta yuqori tempda o‘ynay oladi. Dunyoning eng yaxshi terma jamoalariga qarang, o‘sha Ispaniya va Fransiyada ham birinchi raqamli yulduzlardan tashqari, o‘rtacharoq bo‘lgan "Roma", "Sosyedad" kabi klublardan ham kimdir tarkibga aralashgan, to‘g‘rimi?

Eski davrda esa terma jamoalarning tarkibi kuchliroq bo‘lardi. Chunki klublarga uch nafardan ortiq legionerni o‘ynatish mumkin bo‘lmagan. Endi tasavvur qiling, Angliyada "Liverpul", "Arsenal", "Manchester Yunayted" kabi klublar o‘z safiga uchtadan legioner oladi, eng yaxshi mahalliy futbolchilar esa mana shu top-klublarga taqsimlanadi. Sezib turganingizdek, har qanday top-klubda uch nafar kuchli legioner, bir nechta o‘sha mamlakat terma jamoasi futbolchisi hamda terma jamoaga ham kira olmagan kamida 3-4 nafar mahalliy o‘yinchi bo‘lgan. Hozir buni tasavvur qilish qiyin, aksincha, top-klublarning hatto zaxira futbolchilari ham kuchli terma jamoalar a’zosi hisoblanadi. Xullas, eski davrlarda eng kuchli terma jamoalar eng kuchli klublardan tarkib jihatidan kuchliroq edi va tabiiyki, ularni tomosha qilish qiziqroq bo‘lgan.

Keyin esa avval A Seriya, keyin UEFA, APL kabi tashkilotlarda turli darajada islohotlar kuzatildi, futbolga katta pullar kirib keldi. Musobaqalar formatining o‘zgarishi, "Bosman ishi"dan so‘ng legionerlar limitidagi o‘zgarishlar, Yevropa Ittifoqi mehnat huquqi o‘z ta’sirini o‘tkazgan ikki fuqarolik tizimlari klublar futbolining tez sur’atlarda o‘sishiga zamin yaratdi. Futbolchilarga juda katta maosh to‘laydigan klublar ularni birinchi o‘ringa klubni qo‘yishga qisman majburlay oldi ham. Chempionlar Ligasi kubogi futboldagi eng katta sovringa, u yerda to‘p surish esa futbolchilarning eng katta orzusiga aylandi.

Muxlislarning qarashi ham asta-sekinlik bilan o‘zgargani rost. Ilgari jahon va Yevropa chempionatlari orasida yashab, aynan shu musobaqalarni kutib yashaydigan tomoshabin hozir boshqacha — bu turnirlar haqida faqat boshlanish vaqti yaqinlashganda o‘ylaymiz. Futboldagi eng asosiy, eng tomoshabop, eng saviyali turnir esa Chempionlar Ligasi bo‘lib qoldi. Bu bugungi davr futbolidagi reallik.

Ana endi, Janni Infantinoning loyihasiga boshqa rakursdan qaraymiz. Esingizda bo‘lsa, Superliga g‘oyasi paydo bo‘lganda bunga eng ko‘p qarshi chiqqan tashkilot UEFA va APL bo‘lgandi. Sababi tushunarli, Superliga ishlari yurishib turgan YCHL va APL uchun xavf hisoblangan. Infantinoning Jahon chempionatini tashkil qilish huquqini sotish fikri esa, agar yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, aynan UEFAga, yana o‘sha YCHL yoki top-ligalarga raqobatchi reallikni yaratadi.

O‘tgan yili FIFA Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati nomida yangi turnir tashkil qildi. Bir qaraganda, keraksiz, ortiqcha musobaqadek tuyuladi. Ammo qatnashchilarga beriladigan mukofot puli katta edi va FIFA o‘z shartlarini qo‘yib, Yevropa top-klublarining to‘liq asosiy tarkib bilan o‘ynashini ta’minlay oldi. Axir UEFA moliyaviy limitlar tufayli klublarni burchakka qisayotgan bir paytda, bir oylik turnirda salkam 100 million yevro sof daromad qilish imkoniyati har qanday jamoani qiziqtirishi tabiiy. G‘olib "Chelsi" 3-4 ta g‘alaba bilan, yil davomida 15 dan ortiq o‘yin o‘tkazib Chempionlar Ligasi finaligacha yetib kelgan klublardan kam bo‘lmagan mablag‘ ishlab oldi. Ha, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati hozircha faqatgina pul taklif qilyapti, baribir Chempionlar Ligasi tarixi, nufuzi doim ustunlik qilaveradi. Bu ketishda KJCH qandaydir yupatuvchi va moliyaviy bo‘shliqlarni to‘ldiruvchi musobaqaga aylanib qolishi ham ehtimol. Bu UEFA uchun hali qo‘rqinchli emas.

Lekin Infantino aytayotgan loyiha chindanam qo‘rqinchli. Tasavvur qiling, faqat bir nechta top-klub hamda boshqa qit’alardagi bir nechta jamoaning yozning chillasida to‘p surishini mana shunaqa katta pulga sota olgan FIFA, bu ishni haqiqiy ustalariga va tomoshadan pul qilishning yo‘lini biladiganlarga topshirib qo‘ysa, terma jamoalar futbolidan qanaqa mahsulot yasab qo‘yishar ekan? Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatidanki milliardlab pul ishlay olgan FIFA agar terma jamoalar turniri, mundiallar tarixi, uning emotsiyasini monetizatsiya qila olsa, summa necha barobar oshib ketishi mumkinligini o‘zingiz o‘ylab ko‘ring.

Klublar o‘rtasidagi yangicha YCHL yaratish qiyin, lekin o‘z an’analari bilan aslida YCHLdan ham yuqori va emotsional bo‘lgan Mundial yanayam yaltiroq o‘ramda o‘ta jozibador bo‘lishi aniq — UEFA, menimcha, mana shundan qo‘rqdi. Ha, hozir klublar boy, asosiy ish beruvchi ham, futbolda millionlik maoshlar yaratayotganlar ham Yevropa klublari hisoblanadi. Musiqaga ular buyurtma beradi. Lekin FIFA mundiallarni qimmatroq sotishni boshlasa, milliy federatsiyalar ham boyib ketmasligiga, futbolning asosiy ish beruvchisiga aylanib qolmasligiga kafolat bormi? Axir 80-yillarda klublar futboli terma jamoalar fonida bu qadar yuqori darajaga chiqib ketishini tasavvur qila olmasdik-ku?

Mundiallarda hech qachon klublar taqdim qila olmaydigan jihatlar ham bor — vatanparvarlik, o‘ziga xoslik, turli millatlar va uslublar raqobati, yuz yillik tarix. Ayniqsa, Jahon chempionati paytida bu ko‘proq seziladi; futbolning o‘zi ancha g‘arib ko‘rinsa ham, terma jamoalar bahsi beradigan muhitni, vaybni hech qaysi klub taqdim eta olmaydi. Ana endi bunga katta pul ham qo‘shilsa... UEFAning qo‘rquvi shundan, menimcha.

Shuning uchun baribir, UEFAning go‘yoki "futbolni qutqarish kerak", "uni sotishga yo‘l qo‘ymaymiz" qabilidagi chiqishlari ko‘proq populizmni yodga soladi. Axir, aslida UEFAning o‘zi shu paytgacha nima qilyapti? Bechora futbolchilarga bo‘lgan yuklamalarning og‘irligiga, jarohatlarning ko‘payishiga qaramay, Chempionlar Ligasi formatiga yana 4 ta o‘yinni aynan pulni ko‘paytirish uchun UEFA qo‘shmadimi? UEFAning o‘zi futbolni sotish bilan shug‘ullanmayaptimi shu paytgacha?

Bu safar UEFA g‘olib chiqdi: FIFA loyihadan voz kechib, uzr ham so‘radi. Infantinoning kursisi qimirladi. Kutilgan yakun.

Ammo XXI asr — savdo asri. Televizor o‘rnini smartfonlarga bo‘shatib berayotgan, asosiy iste’molchi siyosatdan uzoqlashayotgan bugungi davrda futbol eng qimmatbaho "jonli efir" hisoblanadi. Tabiiyki, bu hududda "pirog"dan qism olishga intiladigan manfaatdorlar har doim topiladi. U bo‘lmasa, boshqalar yangi loyihalar bilan bu davraga kirishga harakat qilaveradi.

Hojiboy Tojiboyevning mashhur latifasi bor-ku: o‘qituvchining o‘rni hech kimga kerak bo‘lmagani uchun ham u yerda ellik yil bir joyda ishlash mumkin. Futbol ham uzoq vaqt shunday tinch turishi mumkin emasdi o‘zi. Omon bo‘lsak, ko‘ramiz.

uefaclub footballnational teamscommercialization of footballfifaworld cupfootballchampions league