Sport

UEFA yevrokuboklar uchun yangi qoida joriy etdi

UEFA Yevropa klublari musobaqalari uchun yangi qoidalarni joriy qildi.

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasining asosiy bosqichlarida sariq kartochkalar hisobiga oid yangi tartibni e’lon qildi.

Yangi qoidaga ko‘ra, Yevropa kuboklarining guruh bosqichida futbolchilar va jamoalarning rasmiy vakillari to‘rtta sariq kartochka olganidan so‘ng (chetlatishga sabab bo‘lmagan holda) bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Shundan so‘ng, diskvalifikatsiya har bir keyingi juft sariq kartochkadan – ya’ni oltinchi, sakkizinchi va undan keyingi juft ogohlantirishlardan keyin qo‘llaniladi.

Yevropa kuboklarining saralash bosqichida esa avvalgi tartib saqlanib qoladi. Unga ko‘ra, chetlatishga olib kelmagan uchta sariq kartochka to‘plagan futbolchi yoki rasmiy shaxs bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Keyinchalik esa diskvalifikatsiya har bir navbatdagi toq sariq kartochkadan so‘ng kuchga kiradi.

UEFA ushbu o‘zgarishlarni 2024/25-yilgi mavsumdan kuchga kirgan Yevropa kuboklari formatidagi islohotlar bilan izohladi. Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasining asosiy bosqichidagi o‘yinlar soni oltitadan sakkiztaga oshirilgani sababli, futbolchilar sariq kartochkalar jamg‘arishi oqibatida tez-tez diskvalifikatsiyaga uchray boshlagan. Yangi qoidalar o‘yinlar soni va ruxsat etilgan ogohlantirishlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash maqsadida joriy etildi.

Shuningdek, mazkur tartib Konferensiyalar Ligasida ham amal qiladi. Garchi ushbu turnirning asosiy bosqichi avvalgidek oltita o‘yindan iborat bo‘lsa-da, qishki transfer oynasida futbolchilarning turli Yevropa kuboklarida ishtirok etayotgan klublar o‘rtasida o‘tishi ehtimoli hisobga olinib, yagona tizimni qo‘llashga qaror qilingan.

uefadisqualificationchampions leagueconference leaguefootball rulesyellow cardseuropean cupseuropa league