Sport

Qozog‘istonda 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion quriladi

Qozog‘istonda 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi stadion bunyod etiladi. Tengrinews.kz nashrining xabar berishicha, Olmaota shahrida ushbu futbol arenasini qurish uchun dastlabki tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu loyiha Qozog‘istondagi eng yirik sport inshooti bo‘lishi kutilmoqda.

Qariyb 32 gektar maydonni egallaydigan ushbu hududda asosiy va mashg‘ulot maydonlari, jamoalar uchun maxsus xonalar, shuningdek, muxlislar uchun alohida zonalar qurilishi rejalashtirilgan. Hozirda mutaxassislar hududning seysmik holatini inobatga olgan holda tuproq xususiyatlarini o‘rganmoqda.

Shahar hokimligining ma’lumotiga ko‘ra, obyektni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari loyiha-smeta hujjatlari to‘liq tasdiqlanganidan so‘ng e’lon qilinadi.

Olmaota shahri qurilish boshqarmasi loyihalash bo‘limi rahbari Sirim Turlibining so‘zlariga ko‘ra: "Hozirgi vaqtda qurilish boshqarmasi bo‘lajak stadion uchun sinov tariqasida poydevor qoziqlarini (svayalarini) tekshirishdan o‘tkazmoqda. Bu jarayon yakunlangach, qancha tayanch konstruksiyalari kerak bo‘lishi aniq belgilanadi. Stadionning eskiz loyihasi UEFAning to‘rtinchi toifasi talablariga, shuningdek, Qozog‘iston futbol federatsiyasining texnik topshirig‘iga to‘liq muvofiq tarzda ishlab chiqilgan".

Ma'lumot uchun, avvalroq Toshkent shahrida ham qiymati 100 million dollarga teng bo‘lgan 55 ming o‘rinli yangi stadion barpo etilishi haqida xabar berilgan edi. Ushbu arena 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida o‘tkaziladigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati uchrashuvlariga mezbonlik qilishi kutilmoqda.

uzbekistanurban developmentfootballkazakhstanstadium constructionsports infrastructurealmatyseismic testing