Farg‘ona garnizonida yangi o‘q otish sporti majmuasi ochildi
Majmua tarkibidan nazariy o‘quv sinfi, o‘quv va yo‘riqchilar xonalari hamda 20 ta o‘q otish yo‘nalishiga ega zamonaviy tir o‘rin olgan. Inshoot bir vaqtning o‘zida 20 nafargacha sportchi va mashg‘ulot ishtirokchilarini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Farg‘ona garnizonida yangi o‘q otish sporti majmuasi ishga tushdi
O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism hududida 1-avgust kuni o‘q otish sporti majmuasi va sport zali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlikning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti Kun.uz nashriga xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, harbiy-ma’muriy sektor mablag‘lari hisobidan qurilgan ushbu majmua qurilishi 2025-yil sentyabr oyida boshlanib, 2026-yil iyul oyida yakunlangan.
Majmua tarkibiga nazariy o‘quv sinfi, o‘quv va yo‘riqchilar xonalari, shuningdek, 20 ta o‘q otish yo‘nalishiga ega zamonaviy tir kiradi. Inshoot bir vaqtning o‘zida 20 nafargacha sportchi va mashg‘ulot ishtirokchilarini qabul qilish imkoniyatiga ega.
Ochilish marosimida mehmonlarga amaliy o‘q otish mashg‘ulotlari, fotoelektron trenajyorlarda o‘quv jarayonlari va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shuningdek, viloyatda o‘q otish sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Vazirlik xabarida ta’kidlanishicha, "Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 184 nafar yosh o‘q otish sporti bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi ushbu sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda harbiy-amaliy sportni rivojlantirishga xizmat qiladi".

