“Bunyodkor” futbol klubiga 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi

"Bunyodkor" futbol klubiga 5 milliard so‘m ajratildi
Toshkentning "Bunyodkor" futbol jamoasiga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak berildi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-martdagi PQ-107-sonli "Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, poytaxt klubiga 5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirilgan.
Klub matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu yordam tufayli jamoa Superliganing keyingi o‘yinlariga belgilangan reja asosida tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Shuningdek, xabarda klub qiyin vaziyatda jamoani qo‘llab-quvvatlagan barcha muxlislar, blogerlar, sport ommaviy axborot vositalari hamda O‘zbekistonning boshqa futbol klublariga minnatdorchilik bildirgani qayd etilgan. Xususan, jamoa "Paxtakor", "Surxon", "Buxoro", "Navbahor" hamda "Olimpik mobiuz" klublariga alohida tashakkur izhor qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Bunyodkor" futbol klubi yo‘l xarajatlari va mehmonxona uchun mablag‘ yo‘qligi sababli 15-tur doirasidagi "Qizilqum"ga qarshi safar o‘yiniga bora olmasligini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston professional futbol ligasi reglamentga muvofiq poytaxt klubiga texnik mag‘lubiyat yozilishini ma’lum qilgandi.

