«Bunyodkor» safar o‘yiniga borish uchun pul topa olmayapti
Endi klubga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Agar bu holat takrorlansa, «Bunyodkor» Superligadan chetlashtirilishi mumkin. Klubdagilar prezidentdan yordam so‘ramoqchi.

Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubi safar o‘yinlariga borish uchun mablag‘ topa olmayapti, bu esa jamoaning chuqur moliyaviy muammolarini ko‘rsatadi. Klub PFLga xat yuborib, Superliganing 15-turi doirasida 2-avgust kuni «Qizilqum»ga qarshi Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tadigan o‘yinga bora olmasligini ma’lum qilgan.
«Bunyodkor»ning xatida ta’kidlanishicha, klubda yo‘l chiptalari, mehmonxonada yashash va delegatsiya a’zolarini ovqatlantirish kabi safar xarajatlarini qoplash uchun mablag‘ yo‘q.
PFL matbuot xizmatining xabar berishicha, Superliga reglamentiga muvofiq, «Qizilqum» – «Bunyodkor» uchrashuvida mehmon jamoaga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Agar mavsum davomida bunday holat yana takrorlansa, «Bunyodkor»ni Superliga musobaqasidan chetlashtirish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi kun tartibiga kiritiladi.
Kun.uz muxbiri «Bunyodkor» klubi bosh direktori Murod Aliyev bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi. Aliyev klubning ichki chempionat safar o‘yinlariga bora olmaydigan darajada moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganini tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, klubga birinchi chorakda 10 milliard so‘m ajratilgan, shuningdek, klub ijara va boshqa shartnomalar asosida qariyb 11 milliard so‘m ishlab topgan. Biroq bu mablag‘lar klubning moliyaviy holatini tiklash uchun yetarli bo‘lmagan.
«Futbolchilar va xodimlar 6-7 oydan beri maosh olgani yo‘q. Qo‘shimchasiga Rivaldoga to‘lanishi kerak bo‘lgan qarz ham bizning bo‘ynimizga qolgan», – dedi Aliyev.
Aliyevning ta’kidlashicha, klub Rivaldoga 3 yillik maoshini to‘lamagan va bu «Bunyodkor»ga yiliga 26 milliard so‘mga tushmoqda.
«Muammoga yechim izlayapmiz. Muhtaram prezidentimizdan ham yordam so‘ramoqchimiz», – deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, «Bunyodkor» Superliganing joriy mavsumida 14-turdan so‘ng 19 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinda bormoqda.
Avvalroq FIFA Rivaldo oldidagi qarzdorlik sabab «Bunyodkor»ga transfer taqiqi qo‘ygani ma’lum bo‘lgandi.

