Mahalliy

Qo‘yliq dehqon bozori faoliyati qisman cheklandi

Qo‘yliq dehqon bozorining faoliyati qisman cheklandi

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, 5-avgust kuni Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan Qo‘yliq dehqon bozorining bir qismi elektr ta’minotidan uzildi.

Davlat yong‘in nazorati tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bozor hududida yong‘in xavfsizligi talablarining bir qator buzilishlari aniqlangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kamchiliklar yong‘in kelib chiqishi hamda fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga xavf tug‘dirishi mumkin.

Shu sababli bozor hududi elektr ta’minotidan qisman uzilgan. Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, ushbu chora yirik yong‘inlarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Bozor ma’muriyati tomonidan aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilgach, hududning elektr ta’minoti tiklanadi va bozor faoliyati to‘liq qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish yuzasidan nazorat tadbirlari poytaxtning boshqa hududlari va respublika bo‘ylab davom ettirilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 8-aprel kuni Toshkentning Chilonzor, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida joylashgan yirik bozorlarda ham davlat yong‘in nazorati tekshiruvlari o‘tkazilgan edi. Chilonzor buyum bozori, Eski Juva dehqon bozori hamda Aviasozlar dehqon bozorida bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, ochiq holatda qolgan elektr simlari, yong‘in xavfini oshiruvchi nosoz holatlar, yong‘in o‘chirish tizimlarining ishlamasligi yoki ba’zi joylarda umuman mavjud emasligi qayd etilgan. Aniqlangan kamchiliklar asosida bozorlarning ayrim hududlari elektr ta’minotidan vaqtincha uzilgan.

tashkent marketsfire safetysafety violationsqo'yliq marketelectricity cutmarket inspectionemergency measuresfire prevention