Qirg‘iz-tojik chegarasida chegara belgilarini o‘rnatish boshlandi (foto)

Qirg‘iz-tojik chegarasida chegara belgilarini o‘rnatish jarayoni boshlandi (foto)
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiya qilish doirasida chegara belgilarini o‘rnatish jarayoni boshlanganligi haqida 24.kg xabar berdi.
Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlat chegaralarining tutashish nuqtasida to‘rtta chegara ustuni o‘rnatildi. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining umumiy uzunligi 1 ming 8,14 kilometrni tashkil etadi, bu yerda neytral maqomga ega bo‘lgan yer uchastkalari perimetrining umumiy uzunligi 14,07 kilometrni tashkil etadi.
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
2002-yil dekabr oyida boshlangan davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonining to‘liq yakunlanishi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlarda tarixiy yutuq bo‘lib hisoblanadi. 2025-yil 13-mart kuni Bishkek shahrida ikki davlat rahbarlari Qirg‘iziston—Tojikiston davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Hujjat imzolangandan so‘ng, qo‘shma Qirg‘iziston—Tojikiston demarkatsiya komissiyasining ishchi guruhlari tuzilib, ular davlat chegarasi chizig‘ini belgilash bo‘yicha amaliy tadbirlarni boshladilar.
Demarkatsiya ishlari boshlanganidan buyon davlat chegarasining qariyb 416 kilometr masofasida qo‘shma dala tadqiqotlari o‘tkazildi. Shuningdek, Qirg‘izistonning Botken va Laylak tumanlari hamda Tojikistonning Sug‘d viloyati bilan chegaradosh tumanlarida 1627 ta chegara belgisi (1954 ta chegara ustuni)ning dastlabki koordinatalari va o‘rnatish joylari aniqlangan.
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
Foto: Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi
Yanvar oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Tojikiston bilan yillar davomida davom etgan chegara mojarosiga yechim topilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning muhim va hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan Shavkat Mirziyoyev mojaroning yanada chuqurlashib, mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishining oldini olish uchun ikki davlat rahbarlarini faol ravishda yuzma-yuz muloqotga chorlagan.
“Sammitlarda va uchrashuvlarda birinchi bo‘lib Tojikiston rahbariga ‘keling, o‘tirib chegara masalasini gaplashib olaylik’ deb aytdim. Avvaliga u bunga rozi bo‘lmadi. Ikkinchi bor uchrashganimizda esa Tojikiston tomoni chegara masalasini muhokama qilishga rozilik bildirdi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlashim kerakki, bunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘rni juda katta bo‘ldi. U kishi ‘muammolarni hozir, shu yerning o‘zida hal qilishingiz kerak, keyin imkon bo‘lmasligi mumkin. Yon berishga borish zarur’, deb maslahat berdi. Shundan so‘ng ikki rahbar bir stol atrofida o‘tirib, chegara muammosini hal qildik”, dedi Qirg‘iziston prezidenti.

