Qirgʻizistonda odam jasadini kuydirish taqiqlandi

Qirg‘izistonda inson jasadini kuydirish (krematsiya) amaliyoti taqiqlandi. Prezident Sadir Japarov “Dafn etish va dafn ishlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni imzoladi.
Jogorku Kenesh tomonidan 2026-yil 25-iyunda qabul qilingan ushbu hujjatga ko‘ra, Qirg‘izistondagi krematoriylar faqat tibbiy faoliyat natijasida hosil bo‘lgan biologik obyektlarni, ya’ni inson a’zolari va to‘qimalarini sanitariya maqsadida termik yo‘q qilish uchun ishlatilishi mumkin.
Shu bilan birga, qonun vafot etgan odamlarning jasadlarini, shuningdek, abort qilingan va o‘lik tug‘ilgan homilalarni bunday inshootlarda yoqishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Qonundan krematsiya, xokdonlar, kolumbariylar va motam devorlari bilan bog‘liq qoidalar chiqarib tashlanmoqda. Shaxsiga aniqlik kiritilmagan jasadlar faqat qabristonlardagi yerga dafn etiladi.
Tibbiy biologik obyektlarni yo‘q qilish inshootlari davlat, mahalliy byudjet hamda xususiy mablag‘lar hisobidan qurilishi mumkin. Qonun 10 kundan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda Qirg‘izistonda jasadni krematsiya qilishga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi. O‘shanda deputat Marlen Mamataliyev shunday degandi: “Odamlar o‘lganida ularni krematsiya qilish kerak, degan fikrda bo‘lganlar bor. Yangi qonun krematoriylar qurishni nazarda tutadi. Ularda nafaqat odamlarning jasadi, balki ma’lum kasalliklarga chalingan o‘lik hayvonlar ham yoqiladi”. U krematoriylar davlat hisobidan va faqat shaharlarda qurilishini ta’kidlagan edi.

