“Bolalarimni siyosatga yaqinlashtirmayman” — Qirg‘iziston prezidenti qizi ommaga ko‘rinish bergani haqida

“Bolalarimni siyosatga yaqinlashtirmayman” — Qirg‘iziston prezidenti qizi omma oldida ko‘rinish bergani haqida

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qizi Janayimning omma oldida ko‘rinish bergani bilan bog‘liq gap-so‘zlarga javob berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda davlat rahbarining qizi “Oltin bolalik” markazida bolalarga sovg‘alar tarqatayotganini aks ettirgan video tarqalgan edi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.

“Kabar” agentligi prezidentdan bu piar aksiyami yoki bolalarni siyosatga jalb qilishmi, deb so‘radi.

“Bu piar yoki bolalarni siyosatga jalb qilish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Men farzandlarim yoki yaqinlarimning siyosatga va davlat ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymayman. Agar shunday bo‘lganida, allaqachon ma’lum bo‘lardi”, deb javob berdi prezident.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida qurilishi tugallanmay qolgan “Oltin bolalik” bolalar reabilitatsiya markazi uning buyrug‘i bilan yakunlangan. Markaz uch yil avval qurib bitkazilgan va to‘liq jihozlangan. Bu markazning maqsadi hududlardagi, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga yozgi ta’tilni tashkil etish va ularga xursandchilik ulashishdir.

Har yili bu yerga mamlakatning turli chekkalaridan bolalar kelib dam oladi. Birinchi xonim Aygul Japarova ham har yili bu yerga kelib, bolalarga sovg‘alar beradi. Bu safar ham shunday bo‘lishi kerak edi.

Prezidentning tushuntirishicha, o‘sha kuni u rafiqasi bilan qudalarning taklifiga ko‘ra mehmondorchilikka ketgan. Shunda Aygul Japarova qiziga: “Tadbir yakshanba kuniga rejalashtirilgan edi, bolalar kutyapti. Ularni xafa qilma, borib sovg‘alarni ber”, degan. Janayim borib, bolalar uchun tayyorlangan shorti va futbolkalarni tarqatishga yordam bergan va darhol u yerdan ketgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u yerda OAV vakillari bo‘lmagan. Hech kim bu tadbirni ommaga ko‘rsatishni rejalashtirmagan, hamma narsa shov-shuvsiz bajarilishi ko‘zda tutilgan.

“Biroq u yerdagi odamlardan kimdir buni telefonga olib, videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Shuning uchun bu vaziyatga siyosiy ma’no berishga hojat yo‘q”, dedi Sadir Japarov.

Avvalroq Sadir Japarovga 8-10 yillik prezidentlik muddatini berish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.

siyosatqirg‘izistonsadir japarovbolalaroltin bolalikijtimoiy tarmoqlarpiarreabilitatsiya markazi