Sport

“PSJ” rossiyalik darvozabon bilan xayrlashishi mumkin

"PSJ" rossiyalik darvozabon Matvey Safonov bilan xayrlashishi mumkin

Fransiyaning "PSJ" klubi 2027-yil yozida rossiyalik darvozabon Matvey Safonov bilan xayrlashish ehtimolini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda Fransiyaning L’Equipe nashri xabar berdi.

Manbaga ko'ra, Parij klubi rahbariyati kelasi yozda darvozabonlar tarkibini qayta shakllantirishni rejalashtirmoqda. Klub Safonov yoki fransiyalik posbon Lyuka Shevalyedan biri bilan xayrlashishi mumkin. Biroq yakuniy qaror 2027-yil yozidan oldin qabul qilinmaydi.

Shuningdek, "PSJ" yaqin kunlarda Italiyaning "Parma" klubidan yaponiyalik darvozabon Zion Suzukini o'z safiga qo'shib olishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, futbolchi transfer yakunlangach, muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lishi uchun darhol boshqa klubga ijaraga yuboriladi. Uning "PSJ"ga qaytganidan so'ng jamoaning asosiy darvozaboni kim bo'lishi borasida yakuniy qaror qabul qilinadi.

Matvey Safonov 2024-yil yozida Rossiyaning "Krasnodar" klubidan "PSJ" safiga o'tgan edi. Shu vaqt davomida u Parij klubi safida 43 ta uchrashuvda maydonga tushib, 40 ta gol o'tkazib yubordi va 19 ta o'yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

O'tgan mavsum davomida Safonov asosiy tarkib uchun kurashda Lyuka Shevalyeni ortda qoldirdi. Shevalye avvalroq italiyalik Janluiji Donnarummaning o'rniga asosiy darvozabon bo'lishi mumkin bo'lgan nomzod sifatida ko'rilgandi.

Rossiyalik darvozabonning "PSJ" bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yoziga qadar amal qiladi. Shunga qaramay, klubning darvozabonlar borasidagi uzoq muddatli rejalariga qarab uning kelajagi qayta ko'rib chiqilishi mumkin.

Avvalroq UEFA Chempionlar Ligasi finali doirasidagi "Arsenal"ga qarshi uchrashuvda Safonov jamoadoshi Markinyos bilan to'qnashib ketgach, tibbiy yordam olgan edi. Shunga qaramay, u bahsni davom ettirdi va "PSJ"ning g'alabasiga hissa qo'shdi.

transfermatvey safonovdarvozabonlarl'equipefutbolpsj