Dunyo

Pokistonda xudkush terrorchi oʻzini portlatdi, 14 kishi halok boʻldi (video)

Pokistonda xudkush terrorchi oʻzini portlatib yuborishi oqibatida 14 kishi hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Voqea 2-avgust kuni Afgʻoniston bilan chegaradosh Xaybar-Paxtunxva provinsiyasida, politsiya boʻlinmasi oldida sodir boʻlgan. Xudkush terrorchi politsiya boʻlinmasiga kirish qismida toʻxtatilgan va huquq-tartibot xodimlari uni tekshirayotgan paytda portlovchi moslamasini ishga tushirgan.

Hujum natijasida kamida 14 kishi halok boʻldi va bir necha kishi jarohat oldi. Qurbonlarning besh nafari politsiyachi, sakkiz nafari esa tinch aholi vakillaridir. Jarohatlanganlar Saydu Sharif shahridagi shifoxonaga yetkazilgan, ularning baʼzilarining ahvoli ogʻir ekanligi aytilmoqda.

Pokiston ichki ishlar vaziri Muhsin Naqviy ushbu hujumni qoralab, halok boʻlganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Xavfsizlik kuchlari hududni oʻrab olgan va tergov ishlarini boshlagan.

Portlash yuzlab namoyishchilarning yonida sodir boʻlgan. Ular provinsiyada avj olayotgan zoʻravonliklarga qarshi chora koʻrishni talab qilishgan. Portlash oxirgi notiq nutq soʻzlayotganida yuz berib, omma orasida sarosima keltirib chiqargan. Namoyishda soʻzga chiqqanlardan biri shunday degan: “Biz koʻp yillik qon toʻkilishlariga guvoh boʻldik. Biz yana bir avlod bevalar va yetimlar boʻlishini istamaymiz”.

Ushbu hodisadan atigi uch kun oldin Xangu tumanidagi nazorat-oʻtkazish punktida portlovchi moddalar oʻrnatilgan dronlar yordamida uyushtirilgan pistirmada 11 nafar politsiya xodimi halok boʻlgandi. Iyul oyi oxirida esa yaqin atrofdagi Tank shahrida mashinaning portlatilishi oqibatida 27 nafar askar oʻlgan. Bu hujum uchun masʼuliyatni “Tahriki Tolibon Pokiston” oʻz zimmasiga olgan.

Pokiston Mojarolar va xavfsizlikni oʻrganish instituti tadqiqotchilari iyul oyida viloyat boʻylab “terrorizmga aloqador” 154 ta oʻlim holatini qayd etgan, bu iyun oyidagi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpdir.

Pokiston bir necha bor Afgʻonistonning “Tolibon” hukumatini chegara orqali hujumlar rejalashtirayotgan jangarilarga boshpana berishda ayblab keladi, Kobul esa bu ayblovlarni rad etadi.

talibanpakistanpoliceterrorismcasualtiessuicide bombingkhyber pakhtunkhwaafghanistan border