Dunyo

Pokiston sobiq bosh vaziri Britaniyada qizlarni zo‘rlashda gumonlanib ushlangan — The Guardian

Pokistonning sobiq davlat vaziri Ruhsor Ahmad Buyuk Britaniyada yosh qizlarni zo‘rlashda gumonlanib hibsga olingani maʼlum bo‘ldi, deya xabar berdi The Guardian.

62 yoshli siyosatchi 1990-yillarda Manchesterda sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan qo‘lga olingan. U nomusga tegish va bolalar savdosida gumon qilinmoqda. Hozirda u garov evaziga ozodlikda bo‘lib, politsiya nazoratida qolmoqda. Shunga qaramay, o‘tgan hafta Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif partiyasidan Ozod Jammu va Kashmir qonunchilik assambleyasi deputatligiga saylangan.

Ahmad 2024-yil 18-iyul kuni uzoq yillar yashagan Rasholm tumanidagi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishi doirasida Manchester aeroportida qo‘lga olingan. Tergovchilar uni kamida ikki ayolning bolaligida zo‘rlangani va odam savdosiga jalb etilganiga oid arizalar asosida so‘roq qilgan. Gap 1990-yillarning boshlarida, Ahmad taxminan 30 yoshda bo‘lgan paytda, bolalar uylari tarbiyalanuvchilariga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklar haqida bormoqda. Manchester politsiyasi unga Britaniyani tark etishini taqiqlashga uringan, biroq 2024-yil iyulida sud garov shartlarini qatʼiylashtirishni rad etgan.

2026-yil iyulida Ahmad Manchester politsiya bo‘limiga kelishi kerak edi, biroq “kasalligi sababli parvoz qila olmasligi”ni vaj qilib, bormagan. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda uning Pokiston shimolidagi Mirpur shahrida o‘tkazilgan saylovoldi tadbirlarida ishtirok etayotgani aks etgan suratlar tarqalgan. U yaqin olti hafta ichida politsiyaga kelishi kutilmoqda. Aks holda, politsiya uni hibsga olish uchun order berishi yoki ekstraditsiya jarayonini boshlashi mumkin. Bu esa ikki davlat o‘rtasida diplomatik mojaro yuzaga kelishi ehtimolini oshiradi.

Ahmad o‘ng markazchi Pokiston musulmon ligasi vakili bo‘lib, 2006–2021-yillarda, vakolatini yo‘qotguniga qadar, Ozod Kashmir hukumatida vazirlik lavozimlarida ishlagan. Tergovchilarning aytishicha, ular Ahmadning siyosiy faoliyati haqida faqat so‘roq davomida xabar topgan. Ahmad, shuningdek, Manchesterdagi Gujjar Palace restoranining egasi hisoblanadi. U may oyida Rasholmda ham ko‘rinish bergan.

Avvalroq Kanadada 93 yoshli milliarder Frenk Stronaxni ikki nafar ayolga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va shilqimlik qilishda aybdor deb topilgandi. Forbes maʼlumotlariga ko‘ra, Stronaxning boyligi 2018-yilda 1,5 milliard dollarga baholangan. Milliarderga nisbatan sud hukmi shu yilning 17-sentyabr kuni eʼlon qilinishi kutilmoqda.

jinoyattergovbuyuk britaniyapokistonsiyosatchi hibsga olindijinsiy zo'ravonlikbolalar savdosiruhsor ahmad