Boshqa

Pentagon NUJlarga oid yangi maʼlumotlarni maxfiylikdan chiqardi

Pentagon NUJlar boʻyicha yangi maʼlumotlarni oshkor qildi

AQSH Mudofaa vazirligi nomaʼlum anomal hodisalar (NUJ)ga oid materiallarning beshinchi qismini jamoatchilikka taqdim etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Eʼlon qilingan maʼlumotlar jami 41 ta faylni oʻz ichiga oladi, jumladan, 16 ta video, 3 ta tasvir va oʻnlab PDF hujjatlar. Ushbu hujjatlarning eng eskisi 1953-yilga, eng yangisi esa joriy yilga tegishli. Hukumat kuzatilgan hodisalarning tabiati haqida yakuniy xulosaga kelmagan.

Ochiqlangan videolarda turli hodisalar tasvirlangan. Misol uchun, 2025-yilda Yaqin Sharqdagi turar joy binolari ustidan toʻgʻri chiziq boʻylab uchib oʻtgan yumaloq shar hamda 2021-yilda Ummon qoʻltigʻida paydo boʻlgan, diametri 1,2 metr keladigan toʻq rangli “shar” shular jumlasidandir. Boshqa bir videoda esa 2019-yilda Tinch okeani ustida qora shar koʻrinish berib, soʻng yoʻqolib qolgani va qayta paydo boʻlgani aks etgan.

Hujjatlarda 2023-yil oktyabrida AQSHning Boston shahridan Irlandiya poytaxti Dublinga uchgan uchuvchilarning guvohliklari keltirilgan. Ular tungi osmonda yoʻnalishini oʻzgartirib, goh yonib, goh oʻchuvchi gʻayritabiiy chiroqlarga duch kelganini aytgan.

Shuningdek, hujjatlarda sobiq harbiylarning 2011-yilda AQSHda burchaklarida chiroqlari bor ulkan toʻq rangli uchburchak shaklidagi obyektni koʻrgani haqida ham soʻz boradi. Boshqa videolarda nomaʼlum obyektlar togʻlar, shuningdek, kema yonidan uchib oʻtayotgani aks etgan.

NUJlar haqidagi munozara fevral oyida AQSH sobiq prezidenti Barak Obama podkastda mehmon boʻlganidan soʻng Amerika OAVlarida kun tartibiga chiqqandi. Boshlovchining yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalarga ishonishi haqidagi savoliga Obama “ular mavjud, lekin men ularni hech qachon koʻrmaganman”, deya javob bergan. Bu javob jamoatchilik eʼtiborini tortgan.

Shundan soʻng AQSH prezidenti Donald Tramp maxsus xizmatlar oʻzga sayyoralik sivilizatsiyalar haqidagi barcha maʼlumotlarni oshkor etishini aytgandi. Pentagon 8-may kuni 161 ta fayldan iborat birinchi maʼlumotlarni ochiqlab, ularni bosqichma-bosqich eʼlon qilishini bildirdi.

pentagonbarak obamadonald trampanomal hodisalarochiqlangan hujjatlarmaxfiyliknujaqsh