Siyosat

Tramp raketa yetishmovchiligi sabab Pentagon rahbaridan tushuntirish talab qildi — WP

Tramp raketa tanqisligi sababli Pentagon rahbaridan izoh talab qildi — WP

Washington Post nashrining o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp raketalar yetishmovchiligi yuzasidan Pentagon rahbari Pit Hegsetdan tushuntirish so‘ragan.

Trampning noroziligi o‘tgan hafta Kemp-Devidda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bildirilgan. Prezident o‘q-dorilar taqchilligi muammosi allaqachon hal qilingan deb hisoblaganini aytgan. Hegset esa o‘zini oqlashga urinib, yetarli maʼlumot berilmagani uchun aybni o‘rinbosari Stiven Faynbergga yuklagan.

Qayd etilishicha, aynan qurol-yarog‘ tanqisligi Trampning so‘nggi kunlarda Eronga qarshi yangi zarbalar berishdan voz kechishiga sabab bo‘lgan. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt bu ma’lumotlarga munosabat bildirib, Kemp-Deviddagi uchrashuvda bunday holat yuz bermaganini ta’kidladi.

“Bu 100 foiz feyk xabar. Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan. Prezident Tramp Hegsetga to‘liq ishonch bildiradi”, dedi u.

Pentagon ham ular o‘rtasidagi janjal haqidagi xabarlarni uydirma deb atadi. Shunga qaramay, AQSH Urush vazirligi o‘tgan hafta oxirida Kongressdan Eron bilan urush xarajatlarini qoplash hamda qurol-yarog‘ zaxiralarini tiklash uchun qo‘shimcha 67 milliard dollar so‘radi. CNN va Strategik hamda xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu zaxiralarning bir qismi keskin darajada kamayib ketgan.

CSIS hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSH 27-fevraldan 27-iyulgacha bo‘lgan davrda Eron bilan urush chog‘ida 1,5 mingdan 1,6 minggacha Patriot raketasi va 200 ga yaqin THAAD tutib oluvchi raketalarini sarflagan. Natijada Patriot zaxiralari 2,3 mingdan taxminan 760–830 donagacha, THAAD arsenali esa 452 tadan 234–278 donagacha qisqargan va bu havo hujumidan mudofaa vositalarining sezilarli taqchilligiga olib kelgan.

Avvalroq Reuters manbalari AQSH armiyasi Eron bilan kechayotgan besh oylik urush davomida o‘zining yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi raketalari zaxirasining katta qismini sarflab bo‘lganini aytgandi.

Bu holat harbiylarning kelgusidagi mojarolarga tayyorgarlik darajasi bo‘yicha xavotirlarni keltirib chiqargan. Manbalarning ikkitasiga ko‘ra, gap asosan Army Tactical Missile Systems (ATACMS) va Precision Strike Missiles (PrSM) nomli raketalar haqida bormoqda. AQSH ushbu qurollarning “deyarli barchasini” ishlatib bo‘lgani ta’kidlangandi.

erondonald tramppentagonpatriot raketalariraketa yetishmovchiligiqurol-yarog' tanqisligithaad raketalariaqsh armiyasi