Siyosat

Pentagon qurol sinovlari bo‘yicha 25 yillik ochiq hisobotlarni yashirdi

Pentagon 25 yillik ochiq qurol sinovlari hisobotlarini yashirdi.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Pentagon o‘z veb-saytidan 25 yil davomida muntazam ravishda e’lon qilib kelingan qurol sinovlari haqidagi maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlarni olib tashladi.

Hujjatlarga kirish 30-iyul kuni Pentagonning ekspluatatsion sinovlar boshqarmasi boshlig‘i Emi Henningerning buyrug‘i bilan cheklangan. Vazirlik buni AQSH xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan ehtiyot chorasi deb atamoqda.

Pentagon bu qarorni mamlakat raqiblari sunʼiy intellekt va boshqa ilg‘or vositalar yordamida turli maxfiy bo‘lmagan maʼlumotlarni solishtirishi mumkinligi bilan izohlagan. Ta’kidlanishicha, raqib davlatlar bu orqali Amerika harbiy texnikasi va muhim infratuzilmasining zaif tomonlari haqida batafsil tasavvurga ega bo‘lishi mumkin.

Hozirda qurol sinovlari bo‘yicha hisobotlar xavfsiz tarmoqqa o‘tkazilgan. Ular bilan faqat Federal qidiruv byurosi tekshiruvidan so‘ng beriladigan harbiy identifikatsiya kartalariga ega vakolatli xodimlargina tanishishi mumkin.

Hujjatlar qurol-yarog‘ dasturlarining samaradorligini baholash va sinovlar paytida aniqlangan kamchiliklar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. U 1,6 trillion dollarlik F-35 qiruvchi samolyotining holati to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlar manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Pentagon iyul oyida noma’lum uchar jismlar (NUJ)ga oid navbatdagi hujjatni maxfiylikdan chiqargandi. Pentagonning maxsus sahifasida 40 ta yangi fayl joylashtirilgan. Ular Pentagon, NASA, Markaziy razvedka boshqarmasi, FQB va AQSH Energetika vazirligidan olingan. Hujjatlarning deyarli yarmi 2010-yil va undan keyingi yillarga tegishlidir.

Bular asosan Tinch okeanining g‘arbiy qismi, Atlantika okeani va Yaqin Sharq uzra noma’lum obyektlarni qayd etgan harbiy kameralarning infraqizil yozuvlariga aloqador. NUJ haqidagi arxivni e’lon qilish prezident Donald Trampning buyrug‘iga binoan amalga oshirilmoqda.

harbiy texnikapentagonfqurol sinovlarimaxfiylikaqsh xavfsizliginujma'lumotlar