Mahalliy

O‘zbekistonliklar Dubay xalqaro aeroportiga ishga taklif qilinmoqda, maosh — 2250 dollar

Migratsiya agentligi Dubay xalqaro aeroportidagi biznes va birinchi toifa yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan kutish zallarida ishlash bo‘yicha 80 ta vakansiya e’lon qildi. Oylik maosh — 2250 dollar. Arizalar 13-avgustgacha qabul qilinadi, saralangan nomzodlar onlayn suhbatdan o‘tadi.

O‘zbekiston fuqarolari Dubay xalqaro aeroportida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar, ularga 2250 dollar miqdorida maosh taklif etilmoqda.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Dubay xalqaro aeroportida o‘zbekistonliklar uchun jami 80 ta bo‘sh ish o‘rni yaratilgan. Bu vakansiyalar aeroportning biznes va birinchi toifadagi yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus kutish zallarida ishlashni nazarda tutadi.

Ishga 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, ingliz tilini kamida B2 darajasida biladigan erkak va ayollar taklif etiladi. Nomzodlar mehmonxona va restoran xizmati sohasida mutaxassis bo‘lishlari, oziq-ovqat va ichimliklar xizmati yo‘nalishida kamida bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lishlari shart. Shuningdek, spirtli, spirtsiz, issiq va sovuq ichimliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari talab etiladi. IELTS, TOEFL yoki boshqa xalqaro ingliz tili sertifikatiga ega nomzodlarga ustunlik beriladi.

Ish vaqti kuniga 8 soatni tashkil etadi va mehnat shartnomasi ikki yil muddatga tuziladi. Oylik maosh 8226 dirham (2250 AQSh dollari) etib belgilangan bo‘lib, daromad solig‘i ushlab qolinmaydi.

Ish beruvchi ishchi vizasini rasmiylashtirish, O‘zbekistondan BAAga aviachipta, aeroportdan ish joyigacha transfer, ishlash uchun ruxsatnoma, tibbiy sug‘urta, turar joy, ovqatlanish va ish joyiga transport xarajatlarini qoplaydi.

Arizalar 13-avgustga qadar qabul qilinadi. Taqdim etilgan hujjatlar ish beruvchi tomonidan 3-7 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Saralashdan o‘tgan nomzodlar 20-25-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan onlayn suhbatga taklif etiladi.

Ariza qoldirish uchun havola orqali murojaat qilish mumkin.

o‘zbekistonaeroportmigratsiya agentligiishga joylashishdubayish taklifivakansiyaxorijda ishlash