O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Chexiyaga ishga yuborilishi mumkin
Chexiya kompaniyasi kelgusida Chexiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonlik shifokorlar va hamshiralar Chexiyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bu haqda O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasida “ZYLORA” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Zilola Irgasheva bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z yuritildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi kelishuv asosida tibbiyot xodimlari va hamshiralarni Chexiyaga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish, malakali mutaxassislarning qonuniy va tartibli ishga joylashishini ta’minlashga kelishib oldilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
“ZYLORA” kompaniyasi vakillari kelajakda Chexiyada ishlash uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi. Kompaniya, shuningdek, O‘zbekistondan Chexiyaga tibbiyot xodimlarini yuborishni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik, tartib-taomillar va me’yoriy-huquqiy bazani batafsil o‘rganish niyatida ekanligini bildirdi. Bu kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi kelgusi faoliyat strategiyasini ishlab chiqishga xizmat qiladi.

