Mahalliy

O‘zbekistonlik hamshiralar AQSHga ishga yuborilishi mumkin

O‘zbekistonlik hamshiralar AQSH tibbiyot muassasalariga ishga yuborilishi mumkinligi muhokama qilindi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi diplomatlari AQSHning inson kapitali va kadrlar taʼminoti bo‘yicha yirik kompaniyalaridan biri – Korn Ferry rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda kompaniyaning Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha sog‘liqni saqlash va taʼlim xizmatlari yo‘nalishi hamkori Suellen Tomlinson, global sog‘liqni saqlash xizmatlari yo‘nalishi vakili Mitul Modi hamda Korn Ferry Health’ning operatsion direktori Liz Bikli ishtirok etdi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi o‘zbekistonlik hamshiralarni AQSH tibbiyot tizimi talablariga muvofiq qo‘shimcha tayyorlash, sertifikatlash va litsenziyalash, ularni Amerika sog‘liqni saqlash muassasalariga tartibli, xavfsiz va o‘zaro manfaatli asosda jalb etish imkoniyatlari bo‘ldi.

AQSH vakillariga O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish, xorijiy ish beruvchilar bilan markazlashgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni maqsadli tayyorlash hamda ularning xorijdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Kompaniya xodimlari AQSH sog‘liqni saqlash tizimida hamshiralar va yordamchi klinik-texnik mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligini taʼkidladi. Qator tibbiyot tizimlari xalqaro ishchilarni yollashga ochiqligi, ayniqsa, klinik tayyorgarligi va ingliz tili darajasi yuqori bo‘lgan, litsenziyalash talablariga javob beruvchi xorijiy mutaxassislarga talab katta ekani qayd etildi.

Korn Ferry rahbariyati O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusga katta qiziqish bildirdi hamda uni AQSHdagi manfaatdor tibbiyot tizimlari, ish beruvchilar va hamshiralik taʼlimi muassasalari bilan muhokama qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

Muzokaralarda Korn Ferry tomonidan salohiyatli ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyoji, talab qilinadigan mutaxassisliklar, nomzodlarning malaka darajasi va tayyorgarlik mezonlarini o‘rganishga kelishildi. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSHdagi hamshiralarni tayyorlash tizimlari o‘rtasidagi tafovutlarni, jumladan, til, klinik tayyorgarlik, malakani tan olish, litsenziyalash va immigratsiya talablarini qiyosiy tahlil qilish rejalashtirildi.

Tomonlar loyihani dastlab kichik pilot guruh bilan boshlash, uning natijalari va AQSH ish beruvchilarining talablaridan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hamshiralarni jalb etish ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytirish istiqbolli ekanini qayd etdi.

Korn Ferry — 1969-yilda Los Anjelesda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya tashkilotlarni rivojlantirish, rahbar va mutaxassislarni tanlash, xalqaro va ommaviy kadrlar yollash hamda inson kapitalini boshqarishga ixtisoslashgan.

Bundan avval O‘zbekiston fuqarolari yangi dastur orqali AQSHdagi mavsumiy ishlarga tayyorlanishi va joylashtirilishi haqida xabar berilgan edi. Migratsiya agentligi AQSHning qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi yana bir yirik rekruting kompaniyasi bilan H-2A dasturi orqali mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

nurse recruitmentpilot programlicensingmedical traininglabor migrationuzbek nursesus healthcarekorn ferry