O‘zbekistondan hamshiralar AQShga jo‘natilishi mumkin
O‘zbekistonning Sietldagi bosh konsulxonasi AQShning inson kapitali va kadrlar ta’minoti bo‘yicha yirik kompaniyalaridan biri Korn Ferry rahbariyati bilan uchrashuvda hamshiralarni ishga chaqirishni muhokama qildi. Shuningdek, ularni qayta tayyorlash, sertifikatlash va litsenziyalash, AQSh shifoxonalariga tartibli, xavfsiz va manfaatli asosda joylash masalasi ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekistonlik hamshiralar AQShga ishlash uchun yuborilishi mumkin.
AQShda hamshira va shifokorlar kabi kasblarga doimiy ravishda yuqori talab mavjud. Biroq, Amerika ingliz tilini biladigan, o‘z sohasida yetuk bilimga ega va professional tibbiyot xodimlariga muhtoj. Korn Ferry vakillarining ta’kidlashicha, hamshiralar va yordamchi klinik-texnik mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Kompaniya bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Muloqot davomida Konsulxona vakillari O‘zbekistonning tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasi, maqsadli kadrlar tayyorlash va ularni xorijda himoya qilish masalalari bo‘yicha atroflicha ma’lumot bergan.
Muzokaralar yakunida Korn Ferry salohiyatli ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyojini, talab qilinadigan mutaxassisliklarni, nomzodlarning malaka darajasi va tayyorgarlik mezonlarini o‘rganishga kelishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va AQShdagi hamshiralarni tayyorlash tizimlari o‘rtasidagi farqlarni, jumladan, til bilish darajasi, klinik tayyorgarlik, malakani tan olish, litsenziyalash va immigratsiya talablarini qiyosiy tahlil qilish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar loyihani dastlab kichik pilot guruh bilan boshlashni maqsad qilgan. Natijalar va AQSh ish beruvchilarining talabidan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hamshiralarni jalb etish ko‘lami kengayishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 1969-yilda Los-Anjyelesda tashkil etilgan Korn Ferry bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniya tashkilotlarni rivojlantirish, rahbar va mutaxassislarni tanlash, xalqaro va ommaviy kadrlar yollash hamda inson kapitalini boshqarishga ixtisoslashgan.

