O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirish rejalari Milliy olimpiya qo‘mitasida muhokama qilindi
Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Avvalroq xokkey ishqibozlari guruhi sohaga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatish so‘rovi bilan mamlakat rahbariyatiga murojaat qilgan edi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida mamlakatda xokkey sportini rivojlantirishga qaratilgan rejalar muhokama qilindi. Bu uchrashuvga xokkey ixlosmandlarining sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni so‘rab mamlakat rahbariyatiga yo‘llagan murojaati sabab bo‘lgan edi.
Uchrashuvda prezidentning sport masalalari bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikramov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov va Xokkey federatsiyasi vitse-prezidenti Bahodir G‘afurov ishtirok etdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar davomida xokkeyni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, yoshlar uchun xokkey bilan shug‘ullanishga qulay sharoitlar yaratish, sport infratuzilmasini takomillashtirish, O‘zbekiston o‘smirlar va milliy terma jamoalarining jahon chempionatlarining yuqoriroq divizionlariga chiqishi uchun sharoitlarni ta’minlash hamda Qishki Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar, shuningdek, xokkey klublari faoliyatini mustahkamlash, iqtidorli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, malakali murabbiylar va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ham ko‘rib chiqdilar.
Avvalroq xokkey ishqibozlari guruhi mamlakat rahbariyatiga murojaat qilib, sport maktablari va inshootlarini moliyalashtirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalarni o‘tkazish hamda ularda mahalliy xokkeychilarning ishtirokini ta’minlashda yordam berishni so‘ragan edi.
Murojaatda moliyalashtirish yetishmasligi sababli mamlakatdagi yagona professional kattalar xokkey klubi – “Humo” yopilish xavfi ostida qolgani ta’kidlangan.
"2019-yilda shaybali xokkey qayta tiklanganidan buyon O‘zbekiston xokkeychilari salmoqli natijalarga erishdi. Milliy va yoshlar terma jamoalari ikki martadan o‘z divizionlarida jahon chempioni bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston xokkey klublari nafaqat mamlakatimizda, balki uning tashqarisida ham muxlislariga ega bo‘ldi. Bu yutuqlar shaybali xokkeyga qiziqish yuqori ekani va uning ommabop sport turiga aylanganini tasdiqlaydi", — deyilgan murojaatda.

