Mahalliy

O‘zbekistonda olti oyda 111 kishi suvga cho‘kib o‘ldi. Bunga basseynlar kamligi sababmi?

O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki olti oyida 111 kishi suvga cho‘kib vafot etdi. Bu holat, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar jamoatchilikda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmatining “Daryo” nashriga ma’lum qilishicha, 2026-yilning shu davrida 111 nafar fuqaro suvda cho‘kib halok bo‘lgan. Jumladan, Jizzaxda uch nafar voyaga yetmagan qiz, Zarafshon daryosida cho‘milmoqchi bo‘lgan uch nafar fuqaro, Bo‘stonliqda ikki bola, Surxondaryoda 18 yoshli uch yigit, Samarqandda to‘rt bola, Farg‘onada esa bir oilaning ikki farzandi suvga cho‘kib ketgan.

Ijtimoiy tarmoq faollarining aksariyati joylarda suzish havzalari kamligi sababli ko‘pchilik, xususan, bolalar oqar suvlarda cho‘milishga majbur bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Ushbu masala yuzasidan Sport vazirligi “Daryo” nashrining so‘roviga javob berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, uning tizimida 165 ta suzish havzasi mavjud bo‘lib, ulardan 39 tasi ochiq turdagi havzalardir:

* Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 9 ta;

* Andijon viloyatida — 16 ta;

* Buxoro viloyatida — 8 ta;

* Jizzax viloyatida — 6 ta;

* Qashqadaryo viloyatida — 12 ta;

* Navoiy viloyatida — 6 ta;

* Namangan viloyatida — 11 ta;

* Samarqand viloyatida — 13 ta;

* Surxondaryo viloyatida — 8 ta;

* Sirdaryo viloyatida — 7 ta;

* Toshkent viloyatida — 16 ta;

* Farg‘ona viloyatida — 16 ta;

* Xorazm viloyatida — 9 ta;

* Toshkent shahrida — 22 ta;

* Respublika tashkilotlarida — 6 ta suzish havzasi faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, respublika bo‘ylab boshqa tizim tashkilotlari va xususiy tadbirkorlarga tegishli 100 dan ortiq basseyn ham ishlamoqda.

Vazirlik o‘z javobida aholi, ayniqsa, bolalarni suzishga jalb qilish qamrovini yanada kengaytirish zarurligini tan olgan.

O‘zbekiston Prezidentining qaroriga binoan, 2025–2027-yillarda suv sporti turlari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlangan. Ushbu dastur doirasida Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, shuningdek, Nukus, Andijon, Buxoro, Qarshi, Namangan, Toyloq, Termiz, Farg‘ona va Urganchdagi mavjud suzish havzalarini kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish yoki yangidan qurish ishlari rejalashtirilgan.

Suzish havzalarining faoliyatini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) shartlari asosida tiklash, ularni ta’mirlash va aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2023–2026-yillar davomida DXSH shartlari asosida 30 ga yaqin zamonaviy suzish havzasi foydalanishga topshirilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, suv sporti inshootlari sonini ko‘paytirish faqat Sport vazirligi tizimidagi choralar bilan cheklanib qolmaydi. Bu yo‘nalishda mahalliy hokimliklar, qurilish sohasi mutasaddilari, ta’lim tashkilotlari, xususiy sektor, investorlar va jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

Toshkent shahar hokimining ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtda 12 ta yangi suv havzasi quriladi. Ular cho‘milish va dam olish maskanlari sifatida faoliyat yuritadi.

uzbekistanwater safetysports infrastructuregovernment responsedrowning deathsswimming poolspublic-private partnershipyouth