Toshkentdagi cho‘milish havzalarida kasallanish holatlari tasdiqlanmadi
Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi cho‘milish havzalarida cho‘milganlar orasida kasallanish holatlari ko‘paygani haqida tarqalayotgan xabarlarni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, bugunga qadar bunday holatlar bo‘yicha birorta ham rasmiy xabar qayd etilmagan.

Toshkentdagi suzish havzalarida kasallik holatlari qayd etilmadi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida ishlayotgan 57 ta suzish havzasi doimiy ravishda sanitariya-epidemiologik nazoratdan o‘tkazilmoqda. Tasdiqlangan reja asosida har oy suv namunalari bakteriologik hamda sanitariya-gigiyenik ko‘rsatkichlar bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.
Joriy yil davomida suzish havzalaridan jami 1 044 ta suv namunasi tahlil qilingan. Sanitariya talablariga javob bermaganligi aniqlangan 7 ta mavsumiy suzish havzasida suv to‘liq almashtirilib, yuvish va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, boshqarmaga suzish havzalarida cho‘milish natijasida zaharlanish yoki yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq birorta ham shoshilinch xabarnoma kelib tushmagani ta’kidlandi.
Sanepidqo‘mita fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka, ularni tarqatmaslikka va faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadigan axborotlarga tayanishga chaqirdi.

