Mahalliy

O‘zbekistonda iyul oyi qanday ob-havo bilan esda qoldi?

Iyul oyida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 1,3−2,3 darajaga yuqori bo‘ldi. 18−19-iyul kunlari ekstremal jazirama kuzatilib, harorat rekordlari yangilandi. Markaziy va sharqiy hududlarda +40° va undan yuqori harorat 3−8 kun, qolgan hududlarda esa 9−18 kun davom etdi.

O‘zbekistonda 2026-yil iyul oyining ob-havosi qanday kechdi?

O‘zgidrometning iqlim sharhiga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida O‘zbekistonning katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 1,3-2,3 darajaga, shimoliy va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa 2,5-2,8 darajaga yuqori bo‘lgan.

Iyul oyining harorat rejimi o‘zgaruvchan bo‘ldi. Oy boshida havo harorati odatdagidan ancha salqin bo‘lib, iqlimiy me’yordan 3-5 darajaga past kuzatildi. Kunduzgi harorat +27…+32 darajadan oshmadi.

Biroq, iyul oyining ikkinchi besh kunligidan boshlab havo harorati kun sayin ko‘tarildi. O‘zbekistonning aksariyat hududlarida jazirama 18-19-iyul kunlari eng yuqori cho‘qqiga yetdi, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa ekstremal issiq ikki kun avval boshlandi.

Bu kunlarda havo harorati +43…+45 darajaga, janubiy va cho‘l hududlarida esa +46…+50 darajagacha ko‘tarildi. Qator hududlarda maksimal havo harorati bo‘yicha yangi rekordlar qayd etildi. Farg‘ona vodiysi viloyat markazlarida esa maksimal harorat rekordlari ikki marta yangilandi.

Toshkentda jazirama 19-iyul kuni eng yuqori cho‘qqiga yetdi. Shu kuni havo harorati +44,3 darajani tashkil etib, bu poytaxtda 1997-yil 18-iyul kuni qayd etilgan mutlaq maksimumdan (+44,6 daraja) atigi 0,3 darajaga past bo‘ldi.

Bu davrda tunlar ham dim bo‘ldi. Eng past harorat +25…+28 darajadan tushmadi, janubiy va cho‘l hududlarining ayrim joylarida esa +30…+33 daraja qayd etildi.

Iyul oyining uchinchi o‘n kunligi boshida nisbatan salqin havo oqimi ta’sirida harorat qisqa muddatga iqlimiy me’yoriga va undan biroz past darajaga tushdi. Biroq oy so‘ngiga kelib havo harorati yana me’yordan 2-3 darajaga yuqori bo‘ldi.

Havo harorati +40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni markaziy va sharqiy hududlarda 3-8 kunni, qolgan hududlarda 9-18 kunni, Qizilqum cho‘li hamda janubning ayrim tumanlarida esa 19-23 kunni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan ancha yuqori bo‘ldi.

Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida oy davomida iyul oyiga xos quruq ob-havo saqlandi.

Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari, Farg‘ona vodiysi hududlari, shuningdek, Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida ayrim kunlari mahalliy qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘di.

Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar kuzatildi. Ayrim joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchaydi. 1-iyul kuni Nukusda, 19-iyul kuni esa Ustyurt platosining (Jasliq) ayrim hududlarida shamol tezligi 22-25 m/s gacha yetdi. Ayrim tumanlarda chang‘ bo‘ronlari ham qayd etildi.

uzbekistanheatwavedust stormstemperature recordsclimate changedroughtjuly weatherstorms