O‘zbekistonda ilk bor aerologik shar sinov tariqasida uchirildi
Buxoro viloyatida O‘zbekiston mustaqilligi yillarida ilk bor aerologik shar sinov tariqasida muvaffaqiyatli uchirildi. Mazkur loyiha atmosferaning yuqori qatlamlarini o‘rganish, ob-havo prognozlari aniqligini oshirish va xavfli gidrometeorologik hodisalarni ertaroq aniqlash imkoniyatini kengaytiradi.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatida mamlakat tarixida birinchi marta aerologik shar sinov tariqasida havoga ko‘tarildi. Bu voqea gidrometeorologiya sohasini rivojlantirish va atmosferaning yuqori qatlamlarini o‘rganish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ushbu aerologik sharga o‘rnatilgan zamonaviy meteozond parvoz davomida havo harorati, nisbiy namlik, atmosfera bosimi, shamol tezligi va yo‘nalishi kabi muhim meteorologik ma’lumotlarni turli balandliklarda real vaqt rejimida o‘lchab, ularni yerda joylashgan qabul qilish stansiyasiga uzatadi.
Mutaxassislarning fikricha, bu aerologik ma’lumotlar sinoptik tahlillarni yaxshilash, ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish, xavfli gidrometeorologik hodisalarni erta aniqlash hamda aviatsiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni ishonchli gidrometeorologik axborot bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Ta’kidlanishicha, aerologik kuzatuvlarni yo‘lga qo‘yish mamlakat gidrometeorologiya xizmatiga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga va sohaning ilmiy-amaliy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

