O‘zbekistonda 2030-yilgacha xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 20 foizga yetkaziladi

O‘zbekistonda 2030-yilga borib xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 20 foizga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu Prezidentning “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz va elektr energetikasi korxonalarida hosil bo‘ladigan radioaktiv hamda I–IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash hajmini oshirish, qayta ishlanmaydigan chiqindilarni esa xavfsiz va minimal hajmda joylashtirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasi asosida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan yillik rejalar ishlab chiqadi. Bu rejalarda chiqindilar hajmini kamaytirish, qayta ishlash ulushini oshirish hamda ularni faqat tegishli vakolat va infratuzilmaga ega ixtisoslashgan tashkilotlarga zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mish uchun topshirish choralari ko‘zda tutiladi. Tegishli infratuzilma va vakolatga ega korxonalarga esa bu ishlarni mustaqil amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi korxonalar yil yakunlari bo‘yicha statistik hisobotlarni shakllantirib, agentlikning hududiy boshqarmalariga taqdim etadi. Bundan tashqari, ular har chorak yakunida keyingi oyning 20-sanasigacha yillik reja ko‘rsatkichlari hamda hosil bo‘lgan chiqindilar hajmi va ularning keyingi harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni agentlikning axborot tizimiga kiritib boradi. Mazkur talablar ijrosi ustidan nazoratni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya amalga oshiradi.
Qaror bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tarkibida Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi. Shuningdek, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi agentlik tizimiga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, foydalanishdan chiqarilgan maxsus obyektlar ularni ekologik qayta tiklash uchun zarur mablag‘lar bilan birga Agentlik tasarrufiga bepul o‘tkaziladi. Direksiya uchun alohida byudjetdan tashqari g‘azna hisobraqami ochilib, mablag‘lar obyektlarni rekultivatsiya qilish va uzoq muddatli monitoringga yo‘naltiriladi.
Qarorda xavfli chiqindilarni boshqarishni raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi 2027-yil 1-yanvarga qadar maxsus axborot tizimini ishga tushiradi. Tizim orqali I–III xavflilik sinfiga mansub chiqindilar uchun raqamli pasport yaratiladi hamda ularning hosil bo‘lishidan utilizatsiya qilinishigacha bo‘lgan jarayon real vaqt rejimida monitoring qilinadi.

