Mahalliy

O‘zbekistonda Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi. Prezident tomonidan imzolangan qaror xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Hujjatga ko‘ra, mamlakatda xavfli chiqindilarni hisobga olish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga yo‘naltirilgan yangi tizim joriy etilmoqda.

Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi korxonalar ekologik ekspertiza xulosasi asosida xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yillik rejalar tuzadi. Ushbu rejalarda chiqindilar hajmini kamaytirish, ularni qayta ishlash ulushini oshirish hamda qayta ishlash yoki zararsizlantirish imkoni bo‘lmagan chiqindilarni utilizatsiya qilish choralari ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, xavfli chiqindilarni qayta ishlash va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tarkibida Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etiladi. Direksiya xavfli chiqindilar bilan bog‘liq loyihalarni muvofiqlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investorlarni jalb qilish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash vazifalarini bajaradi.

Qarorga binoan, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi korxonalar yil yakunlari bo‘yicha statistik hisobotlarni shakllantirib, agentlikning hududiy boshqarmalariga taqdim etadi. Bundan tashqari, korxonalar har chorak yakunida, keyingi oyning 20-sanasigacha yillik rejada nazarda tutilgan ko‘rsatkichlar hamda hosil bo‘lgan xavfli chiqindilar hajmi va ularning keyingi harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni agentlik axborot tizimiga kiritib boradi. Vazirlik va idoralar o‘rtasida axborot almashish hamda monitoringni ta’minlaydigan axborot tizimi esa 2027-yil 1-yanvarga qadar ishlab chiqiladi.

Qaror bilan foydalanishdan chiqarilgan xavfli chiqindilar va maxsus obyektlarni ekologik qayta tiklash bo‘yicha yangi moliyalashtirish mexanizmlari ham joriy qilinmoqda. Zarur mablag‘lar chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar hisobidan shakllantiriladi va ekologik rekultivatsiya ishlariga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, uran merosi obyektlari hamda radioaktiv chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha vakolatli organlar va ularning vazifalari aniq belgilandi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi regulator etib belgilansa, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi agentlik ushbu obyektlarni boshqarish va ekologik qayta tiklash ishlari uchun mas’ul bo‘ladi.

Prezident qarorida vazirlik va idoralarga xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha axborot tizimini yaratish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda xalqaro standartlar asosida tizimni rivojlantirish yuzasidan ham tegishli topshiriqlar berilgan.

uzbekistancircular economyenvironmental safetyhazardous waste managementenvironmental policywaste recyclinguranium legacyradioactive waste