Siyosat

O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga qo‘shilmoqda

Parlamentda BMTning mediatsiya bo‘yicha konvensiyasiga O‘zbekistonning qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga a’zo bo‘lish arafasida. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida "Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat O‘zbekistonning "Mediatsiya bo‘yicha Singapur konvensiyasi"ga qo‘shilishini nazarda tutadi. Konvensiya xalqaro tijoriy nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal qilish natijasida erishilgan kelishuvlarni ishtirokchi davlatlarda tan olish va ijro etish uchun yagona huquqiy mexanizmlarni belgilaydi.

Loyihada ta’kidlanishicha, agar o‘zbekistonlik tadbirkor xorijiy hamkori bilan nizoni mediatsiya orqali hal qilib, kelishuvga erishsa, ushbu kelishuvni Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatda ijro etish tartibi sezilarli darajada soddalashadi.

Qonun loyihasida Konvensiyani qo‘llash bilan bog‘liq ayrim shartlar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi, davlat organi yoki davlat organi nomidan harakat qiluvchi shaxs taraf bo‘lgan kelishuvlarga Konvensiya qoidalarini tatbiq etmaslik taklif qilinmoqda.

Shuningdek, Konvensiya faqat kelishuv taraflari uni o‘zaro munosabatlariga nisbatan qo‘llashga rozi bo‘lgan taqdirdagina amal qilishi belgilanmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatda mediatsiya institutini rivojlantirishga, xalqaro tijoriy nizolarni qisqa muddatda va kam xarajat bilan hal etishga, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

uzbekistanmediationentrepreneursinternational conventionsingapore conventioncommercial disputeslegal mechanismdispute resolution