Siyosat

Prezident administratsiyasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi qabul qilindi

Prezident administratsiyasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 4-avgustdagi majlisida ma’lum qilindi.

Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilashni maqsad qilgan.

Konstitutsiyaning XIX bobi O‘zbekiston prezidentiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda prezident davlat boshlig‘i sifatida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan faoliyatini va hamkorligini ta’minlashi, shuningdek, mamlakat boshqaruvi va taraqqiyotini ta’minlashdagi muhim vakolatlari mustahkamlangan. Prezidentning Konstitutsiyada belgilangan keng qamrovli vakolatlarini samarali amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash Prezident administratsiyasi zimmasiga yuklatilgan.

Xususan, asosiy qonunning 109-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti o‘z vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash maqsadida Prezident administratsiyasini shakllantiradi va uning rahbarini tayinlaydi. Prezident administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanadi.

Loyihada Administratsiya O‘zbekiston prezidenti tomonidan shakllantirilishi, shuningdek, Administratsiyaga prezident tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan administratsiya rahbari boshchilik qilishi belgilangan.

Administratsiyaning maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, tarkibiy tuzilishi va faoliyatini tashkil etish tartibi, uning davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalari, Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan aloqalarini ham ochib bergan.

Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda Prezident administratsiyasi davlat rahbarining 2018-yil 26-avgustdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston prezidenti faoliyatini axborot-tahliliy va tashkiliy-nazorat jihatdan ta’minlovchi davlat organidir. Unga 2025-yil 24-iyundan buyon Saida Mirziyoyeva rahbarlik qilib kelmoqda.

uzbekistanconstitutional lawlegislationgovernmentsaida mirziyoyevapresidential administrationpresident's powersstate governance