Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo rejimini kengaytiradi

14 avgustdan O‘zbekiston va Pokiston qariyb 90 turdagi tovar uchun imtiyozli savdo rejimini joriy etadi. Bojlar pasaytiriladi.

O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo rejimini kengaytiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Pokiston 2026-yil 14-avgustdan boshlab imtiyozli savdo rejimi qo‘llaniladigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytiradi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 10-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan tegishli protokolda belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, imtiyozli savdo rejimi qariyb 90 ta tovar pozitsiyasiga tatbiq etiladi. Bu ikki davlat mahsulotlari uchun bojxona bojlarini kamaytirish va savdo tartib-taomillarini soddalashtirishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonlik eksportchilar uchun imtiyozlar meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining ayrim turlari, ichimlik suvi, to‘qimachilik mahsulotlari, ip-kalava, trikotaj matolar, misdan tayyorlangan buyumlar, elektrotexnika mahsulotlari, dori vositalari hamda sanitariya-texnika buyumlariga nisbatan amal qiladi.

Ushbu kelishuvning kengaytirilishi O‘zbekiston korxonalarining Pokiston bozoriga kirishi, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi qayd etilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga masʼul idoralar bilan birgalikda mahalliy eksportchilarga yangi savdo imtiyozlaridan samarali foydalanishlari uchun ko‘mak berish vazifasi yuklatildi.

exportsbilateral relationsuzbekistanimportspakistaneconomic cooperationpreferential trade agreementtrade expansion