O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi huzurida Blogerlar kengashi tashkil etildi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi huzurida Blogerlar ijodiy kengashi tashkil etildi. Unga jurnalist va bloger Eldor Asanov rahbar bo‘ldi. Kengash vazifalari sifatida blogerlarni birlashtirish, manfaatlarini himoya qilish, huquqiy yordam ko‘rsatish va treninglar o‘tkazish belgilandi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida Blogerlar ijodiy kengashi ish boshladi. Bu haqda 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda ma’lum qilindi.
Uyushma raisi Shuhratjon Oripovning ta’kidlashicha, bugungi kunda blogerlar an’anaviy OAV bilan bir qatorda jamoatchilik fikrini shakllantirishda faol ishtirok etmoqda va axborotni tezkorlik bilan tarqatmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kengash blogerlarni birlashtirish, ularning davlat va boshqa tuzilmalar bilan muloqoti uchun maydon yaratish, shuningdek, kasbiy mahoratini oshirishga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Shuhratjon Oripovning qayd etishicha, birlashma ularning manfaatlarini himoya qilishi, xususan, axborot olishda muammolar, tahdidlar va bosimlar yuzaga kelgan hollarda maslahat berishi va huquqiy yordam ko‘rsatishi kerak.
Kengash raisi etib tilshunos, jurnalist va bloger Eldor Asanov saylandi.
Blogerlar uchun seminar va treninglar, mediasavodxonlik, huquqiy va axloqiy bilimlarni oshirish hamda raqamli xavfsizlikni o‘rgatish bo‘yicha kurslar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Jurnalistlar uyushmasida ushbu loyihani “mediamakonda mas’uliyatli kontent yaratish, soha vakillarining kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ochiq va konstruktiv muloqot maydonini shakllantirish” yo‘lidagi qadamlardan biri deb atashdi.

