Mahalliy

OTMda bo‘sh qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul o‘tkaziladi

Kirish imtihonlarida minimal ball to‘plagan, ammo talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga OTMda bo‘sh qolgan o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Ular reyting asosida vakant o‘rinlarga bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul qilinadi.

OTMlardagi bo‘sh o‘rinlarga qo‘shimcha qabul jarayoni tashkil etiladi.

Hukumatning 578-sonli “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu yangi tartibga ko‘ra, kirish imtihonlarida ishtirok etib, minimal ballni to‘plagan, ammo talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar bo‘sh qolgan ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Imtihon natijalari e’lon qilinganidan so‘ng bir hafta ichida abituriyentlarga fanlar majmuasi va ta’lim tili mos keladigan vakant yo‘nalishlarga ro‘yxatdan o‘tish uchun bir haftalik muddat beriladi.

Bo‘sh o‘rinlarga qabul abituriyentlarning to‘plagan ballari ketma-ketligi, ya’ni reytingi asosida qat’iy amalga oshiriladi. Talabalikka tavsiya etilganlar bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan shakllantirilgan qaydnomalar oliy ta’lim tashkilotlarida qabul bo‘yicha tegishli buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qabul tartibining 74-bandiga ham o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, ilgari Davlat komissiyasi vakolatiga kirgan ayrim qarorlarni qabul qilish vakolati endilikda oliy ta’lim tashkiloti rektori yoki direktoriga o‘tkazilgan.

tuition feeshigher educationentrance examsgovernment decreestudent enrollmentvacant placesuniversity rectoradmissions