Mahalliy

O‘n bir toifadagi fuqarolarga havo, temiryoʻl va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma beriladi

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish va to‘liq raqamlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Taklifga ko‘ra, 11 toifadagi fuqarolarga havo, temiryo‘l va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma beriladi. Bunda amaldagi qog‘oz talonlardan voz kechilib, chipta xarid qilish uchun ID karta yoki biometrik pasportni taqdim etishning o‘zi kifoya qiladi.

Qayd etilishicha, fuqarolarning imtiyozga egaligi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Bu esa qog‘oz hujjatlar aylanishini kamaytirish va imtiyozlardan foydalanish jarayonini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab imtiyozli avia, temiryo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini “Baraka” ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi.

Hozirda 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan 48,4 mingdan ortiq fuqaro transport imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega. 2025-yil davomida ular mazkur xizmatlardan 1,7 million marta foydalangan.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, yangi xizmatlarni hududlarda sifatli yo‘lga qo‘yish hamda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ushbu yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan bolalarning yashash joyiga yaqin hududda ta’lim olishini ta’minlash maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratish ham taklif etilgandi. Bundan tashqari, har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv ta’lim muhitini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.

transport imtiyozlarinogiron bolalar"baraka" ijtimoiy kartataʼlimsubsidiyalarshavkat mirziyoyevijtimoiy himoyaraqamlashtirish