Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l transporti sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l transporti sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi. Prezident o‘z tabrigida temiryo‘lchilarning Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudratini oshirish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish va xalq farovonligini yuksaltirishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda 2,4 ming kilometrdan ortiq yangi temiryo‘l tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 3 ming kilometrdan ziyod yo‘llar elektrlashtirilgan va 1,1 ming kilometrdan ortig‘i ta’mirlangan.
Prezident Samarqand—Urgut, Baytqo‘rg‘on—Parkent hamda Urganch xalqaro aeroporti–Xiva temir yo‘l tarmoqlari barpo etilganini, Navoiy—Buxoro uchastkasining ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasi ishga tushirilganini va qator istiqbolli yo‘nalishlarda qurilish ishlari davom etayotganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi hamda Afg‘oniston bilan temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik O‘zbekistonning mintaqaviy transport va tranzit markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlayotganini qayd etdi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi yuqori tezlikdagi elektropoyezd Toshkent—Xiva—Toshkent yo‘nalishida ishga tushirilgani eslatib o‘tildi.
Prezident yaqin yillarda yuzlab zamonaviy yo‘lovchi vagonlari va yuqori texnologiyali poyezdlar xarid qilish, temir yo‘l infratuzilmasini yanada kengaytirish hamda xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
“Biz sizlar kabi minglab zahmatkash temiryoʻlchilar bilan, sizlarning kasbiy mahoratingiz, boy bilim va tajribangiz, vatanparvarlik fazilatlaringiz bilan bunday yuksak marralarga albatta erishamiz”, deyiladi tabrik matnida.
Eslatib o‘tamiz, bir kun avval, 30-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabriklagan edi. Davlat rahbari o‘z tabrigida O‘zbekiston doimo tinch va barqaror bo‘lishini, birgalikdagi fidokorona mehnat bilan yanada gullab-yashnashini tilagan.

