Dunyo

Olimlar Yer aholisini ikki baravar qisqartirishni taklif qildi

Olimlar Yer aholisini 2200-yilga borib ikki baravar qisqartirishni taklif qilishdi. Hozirda sayyoramizda sakkiz milliarddan ortiq inson yashaydi. Naked Science nashrining Sustainable Development jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib xabar berishicha, atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish maqsadida aholi sonini bosqichma-bosqich to‘rt milliardga tushirish rejalashtirilmoqda.

Tadqiqotchilarning fikricha, aholi sonining kamayishi tabiiy resurslarga bo‘lgan yuklamani va atrof-muhit ifloslanishini sezilarli darajada pasaytiradi. Shuningdek, bu tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lgan hududlardagi qashshoqlikni kamaytiradi, resurslar tufayli yuzaga keladigan nizolar va migratsiya oqimini pasaytiradi. Aholi zich joylashgan hududlarda esa turmush sifati oshadi.

Mualliflar aholi sonini nazorat qilishda majburiy yoki zo‘ravonlik usullaridan foydalanishga hojat yo‘qligini ta’kidlashdi. Buning o‘rniga, ular tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lgan kambag‘al hududlarning ijtimoiy rivojlanish imkoniyatlaridan foydalanishni taklif qilishdi. Xususan, qizlar uchun ta’lim olish imkoniyatini yaratish shunday choralardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

Ayollar ta’lim olib, farzand ko‘rish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lsalar, tug‘ilish ko‘rsatkichi tabiiy ravishda barqarorlashadi. Olimlar bunga Eron, Janubiy Koreya va Kosta-Rika misolini keltirishdi. Ushbu mamlakatlarda 10-20 yil ichida bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha tug‘ilish ko‘rsatkichi deyarli ikki baravar kamaygan.

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, "O‘tgan 25 yil davomida global umumiy tug‘ilish ko‘rsatkichi (bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha farzandlar soni) 2,75 dan 2,25 ga tushdi. Ushbu pasayishning yana 25 yil davom etishi bizni bir ayolga o‘rtacha 1,75 nafar farzand to‘g‘ri keladigan global ko‘rsatkichga olib keladi".

Shu bilan birga, aholini qisqartirish g‘oyasining tanqidchilari ham bor. Ular mavjud muammolarni sayyoradagi odamlar soni bilan emas, balki resurslardan teng foydalanmaslik bilan bog‘lashadi. Biroq tadqiqotchilarning fikricha, barqaror rivojlanishga erishish uchun bir vaqtning o‘zida ham aholi o‘sishini sekinlashtirish, ham har bir insonning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish zarur.

Ma’lumot uchun, 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 39 million 47 ming kishidan ortiqni tashkil etgan. Mamlakatda jami erkaklar soni 19,76 million, ayollar esa 19,3 million nafardan iborat. Shaharlarda 21,3 million kishi, qishloqlarda esa 17,8 million kishi istiqomat qilmoqda.

taʼlimatrof-muhitbarqaror rivojlanishqashshoqlikaholi sonini kamaytirishtug'ilish darajasiresurslardemografiya