Dunyo bo‘ylab ayollar erkaklarga qaraganda 23 foiz kam maosh oladi

Ayollar dunyo aholisining yarmiga yaqinini tashkil etishiga qaramay, mehnat bozorida erkaklarnikiga nisbatan 23 foiz kam maosh oladi va teng imkoniyatlarga ega emas. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda rasmiy mehnat bozorida ayollarning ulushi 48 foizni tashkil etgan bo‘lsa, erkaklarda bu ko‘rsatkich 73 foizga yetgan.
Ayollar, shuningdek, barcha haqi to‘lanmaydigan parvarish va uy ishlarining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘ini bajaradi. Rahbarlik lavozimlarida bu tafovut yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. BMT Taraqqiyot dasturining ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar dunyo bo‘yicha boshqaruv lavozimlarining taxminan 38 foizini va yetakchilik lavozimlarining 31 foizdan sal ko‘prog‘ini egallab turibdi. Iqtisodiy o‘sish, innovatsiyalar va investitsiyalar kelajagini belgilaydigan sohalarda ularning ulushi ayniqsa pastligicha qolmoqda.
Erishilgan yutuqlarga qaramay, ayollar munosib ish o‘rinlaridan foydalanishda tengsizlikka duch kelmoqda. Ular haqi to‘lanmaydigan parvarish, stereotiplar, ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonliklarga duch kelishda davom etmoqda. Nasl-nasab, etnik kelib chiqish, nogironlik, yosh, ijtimoiy-iqtisodiy holat va migratsiya maqomiga asoslangan kamsitishlar esa bu vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasining Tematik hamkorlik, maxsus protseduralar va taraqqiyot huquqi departamenti direktori Peggi Hiksning ta’kidlashicha, "G‘ovlar va to‘siqlar ayollarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Imtiyozlar bu to‘siqlarni kamaytirishi mumkin, kamsitishlar esa aksincha, vaziyatni og‘irlashtiradi. Ba’zi ayollar uchun rahbarlik sari yo‘l juda mashaqqatli. Boshqalari uchun bu yo‘l to‘silgan. Ko‘pchilik uchun esa u umuman mavjud emas".
Avvalroq Yevropa va Markaziy Osiyoda migrantlarning yarmidan ko‘pini ayollar tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Bunga Ukrainadagi urush, geosiyosiy o‘zgarishlar, nizolar va bir qancha iqlim o‘zgarishi oqibatlari kabi omillar turtki bo‘lmoqda.

