OFK prezidenti FIFA’ning Jahon chempionati huquqlarini sotish rejasidan voz kechganini qo‘llab-quvvatladi

OFK prezidenti FIFAning Jahon chempionati huquqlarini sotish rejasidan voz kechishini olqishladi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Salmon bin Ibrohim Al-Halifa Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbariyatining Jahon chempionatining tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasidan butunlay voz kechish qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Avvalroq The Times nashri FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionatini nazorat qiluvchi yangi kompaniyada ulushlarni sotish niyatida ekanligi haqida xabar bergan edi. Ko‘p o‘tmay, FIFA o‘zining rasmiy saytida tijorat va turnirlarni tashkil etish faoliyatini birlashtiruvchi FIFA Forward Enterprise (FFE) kompaniyasini yaratish rejasini tasdiqlab, xususiy investorlarni undan ulush sotib olishga chaqirgan.
Biroq, bu boradagi keskin e’tirozlardan so‘ng, FIFA matbuot xizmati Infantinoning maxsus bayonotini e’lon qildi. Unda tashkilot rahbari ushbu loyiha jiddiy ziddiyatlarga sabab bo‘lganini tan olib, tijoratlashtirish bo‘yicha taklif amalga oshirilmasligini ma’lum qildi.
Tashkilotning rasmiy saytida OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim Al-Halifaning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan fikrlari e’lon qilindi:
“Jahon futbolining kelajagi o‘zaro muloqot va mavjud boshqaruv tizimiga hurmat asosida qurilishi shart. OFK futbolni rivojlantiruvchi va barchaga birdek foyda keltiruvchi tashabbuslarni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Assotsiatsiyalarimiz jipslashib, o‘z manfaatlarini himoya qilishni bizga ishonib topshirganidan faxrlanaman. Ularga hamjihatlik uchun rahmat aytaman va OFK doimo o‘z a’zolari manfaatini himoya qilishiga so‘z beraman”.

