Dunyo

Nyu Yorkda ilk bor kana orqali yuqadigan xavfli virus aniqlandi

Nyu-York shtatida ilk bor xavfli Burbon virusi aniqlandi, bu virusni tashuvchi kanalar orqali yuqadi. Fox News Stouni-Bruk tibbiyot markazi tadqiqotiga tayanib xabar berishicha, ushbu virusni aniqlash murakkab bo‘lib, hozirda unga qarshi na vaksina, na maxsus davolash usuli mavjud.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, virusni Shimoliy Amerikaga xos bo‘lgan "yolg‘iz yulduz" (Lone Star Tick) deb nomlanuvchi kanalar tarqatadi. Bu nom urg‘ochi kananing orqa qismidagi oq yulduzsimon dog‘dan kelib chiqqan. Tadqiqotchilarning ogohlantirishicha, agar virusning tarqalishi yoz oylarida va keyingi yillarda davom etsa, uni aniqlash yanada qiyinlashishi mumkin.

**Burbon virusi qachon aniqlangan?**

Burbon virusi birinchi marta 2014-yilda AQSHning Kanzas shtatidagi Burbon okrugida qayd etilgan. Virus aniqlangan birinchi bemor keyinchalik vafot etgan. O‘shandan beri virus bilan bog‘liq kamida ikki o‘lim holati rasman tasdiqlangan, ammo olimlar kasallikning boshqa aniqlanmagan holatlari ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

**Kasallik belgilari qanday?**

Burbon virusining asosiy belgilari quyidagilardan iborat:

* isitma;

* kuchli holsizlik;

* terida toshma;

* bosh og‘rig‘i;

* mushak va tana og‘riqlari;

* ko‘ngil aynishi.

Shifokorlarning aytishicha, bu alomatlar kana orqali yuqadigan boshqa infeksiyalarga juda o‘xshash bo‘lgani uchun kasallikni aniqlash qiyin.

Stouni-Bruk tibbiyot markazining professori va kana orqali yuqadigan kasalliklar klinikasi direktori Luis Markosning ta’kidlashicha, Nyu-York va AQSHning shimoli-sharqiy hududlarida "yolg‘iz yulduz" kanalarining tarqalishi juda keng. Uning so‘zlariga ko‘ra, Burbon virusi bilan kasallangan bemorlardagi alomatlar boshqa kana orqali yuqadigan infeksiyalarga o‘xshash bo‘lgani sababli ko‘plab holatlarda noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishi mumkin. Professor virusni aniqlash va unga qarshi samarali davolash usullarini ishlab chiqish uchun epidemiologik kuzatuvni kuchaytirish hamda laboratoriya tekshiruvlarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, "yolg‘iz yulduz" kanalar mamlakatning shimoli-sharqiy, janubiy va markaziy hududlarida keng tarqalgan bo‘lib, odamga faol hujum qiluvchi kanalar turiga kiradi. Shu bilan birga, CDC mutaxassislari Burbon virusi og‘ir kasallik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa-da, ushbu virusni tashuvchi kanalarning odamlarga yuqish holatlari hozircha juda kam uchrashini qayd etmoqda.

burbon virusinyu yorkkana orqali yuqadigan kasalliklarlone star tickvirus belgilariepidemiologik kuzatuvcdcaqsh