Nosir Al-Xelayfi FIFA prezidenti bo‘lish niyatida emas

Nosir Al-Xelayfi FIFA prezidentligiga nomzodini qo‘ymoqchi emas
Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surish niyatida emasligini qatarlik biznesmenning vakillari rasman tasdiqladi.
Avvalroq FIFA 20 milliard dollarlik sho‘ba korxona tashkil etish va uning 25 foizini 4,2 milliard dollarga xususiy investorlarga sotish rejasini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmaga tashkilotning barcha media va tijorat huquqlari, jumladan, Jahon chempionatlari huquqi ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Bunga javoban, Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) a’zolari FIFA turnirlarini boykot qilishini ma'lum qildi.
Politico nashrining xabar berishicha, ushbu inqiroz fonida bir qator Yevropa assotsiatsiyalari FIFA prezidentligi saylovlarida Janni Infantinoga raqobatchi sifatida aynan Al-Xelayfini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan edi.
Biroq, "PSJ" rahbarining vakillari L'Equipe nashriga bergan intervyusida bu xabarlarni rad etdi: "Janob Al-Xelayfi FIFA prezidenti bo‘lishni ham, OAVdagi bu kabi shov-shuvlarga aralashishni ham mutlaqo istamaydi. U buning o‘rniga, jahon va Yevropa futbolidagi barcha tashkilotlarni tinchgina va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi".
Ma’lumot uchun, 52 yoshli Al-Xelayfi 2011-yildan buyon "PSJ" prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U fransuz klubiga egalik qiluvchi Qatar Sports Investments kompaniyasiga rahbarlik qiladi. 2021-yilda u Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) raisi etib saylangan.

