Sport

FIFA prezidenti o‘ziga qarshi tanqidlarga javob qaytardi

FIFA rahbari Vashington va Tehron harbiy ziddiyatiga qaramay, Eron terma jamoasi JChda qatnashganini yutuq o‘laroq

FIFA prezidenti Janni Infantino o‘ziga qaratilgan tanqidlarga javob berdi.

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino so‘nggi jahon chempionati davomida o‘ziga nisbatan bildirilgan tanqidlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda post e’lon qilgan Infantino AQSh, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tgan jahon chempionatini “dunyodagi eng yaxshi shou” deb atadi va hakamlik, intizomiy choralar hamda boshqa mojarolarga oid e’tirozlarni rad etdi.

Jahondagi millionlab muxlislar qiziqishini uyg‘otgan jahon chempionati mojarolar va bahsli qarorlar bilan ham e’tiborga tushdi.

“Aslida hakamlarning bahsli qarorlari yoki “g‘alati” intizomiy hukmlar, masalan, ehtimoliy yanglish qizil yoki sariq kartochkalar va ayrim vaziyatlarda futbolchilarni chetlatmaslik haqidagi keyingi qarorlar oddiy amaliyot hisoblanadi va dunyoning eng yirik ligalarining ayrimlarida keng qabul qilinadi”, – deya FIFAning bahsli qarorlarini oqlashga uringan Janni Infantino.

FIFA rahbari, shuningdek, Vashington va Tehron o‘rtasidagi harbiy ziddiyatga qaramay, Eron terma jamoasining jahon chempionatida qatnashganini yutuq deb hisobladi. Ammo u Eron terma jamoasining AQShga viza olish va kelib-ketishda duch kelgan qiyinchiliklar masalasiga to‘xtalmadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, JCh-2026 siyosatchilar ko‘p marta aralashgan va aralashishga uringan musobaqa sifatida tarixga kirdi.

Chempionat arafasida AQSh prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli jahon chempionatida Eron o‘rniga Italiya terma jamoasini kiritishga urindi.

AQSh terma jamoasi vakili Folarin Balogan bilan bog‘liq mojaro esa siyosat va sport chegaralari qorishib ketganini ko‘rsatdi.

Balogan Bosniya va Gersegovinaga qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgani uchun Belgiya bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq FIFA Intizom qo‘mitasi FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga tayanib, diskvalifikatsiya ijrosini bir yillik sinov muddatiga almashtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Balogan masalasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan FIFA rahbariyatiga murojaat qilgani ortidan shunday qaror qabul qilingan.

Buning ortidan Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UYeFA) Baloganga nisbatan qabul qilingan qaror yuzasidan FIFAni keskin tanqid qildi. UYeFA tarqatgan bayonotda mazkur qaror “misli ko‘rilmagan, tushuntirib bo‘lmaydigan va asossiz” deb baholandi.

Norvegiya futbol assotsiatsiyasi rahbariyati esa ushbu holat bo‘yicha Tramp ustidan shikoyat qilish niyatini bildirdi.

Bu yilgi jahon chempionatining kumush medali sovrindori Argentina terma jamoasini FIFA musobaqalaridan chetlatishga doir petitsiya rekord darajada – 23,3 millionta ovoz yig‘di.

Ko‘p million sonli muxlislar FIFA rahbariyati va hakamlar jamoasini mashhur futbolchi Lionel Messiga yon bosishda aybladi. Xususan, Lotin Amerikasi davlatining Shveysariya hamda Misrga qarshi o‘yinlardagi g‘alabalari shubha uyg‘otgan.

Darvoqe, final o‘yinidan keyin ham Messi jamoadoshlari mojaroli holatni yuzaga keltirdi. Xususan, futbolchilar Nauel Molina, Leandro Paredes va Tyago Almada hamda Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi Roberto Ayala Ispaniya futbolchilariga nisbatan kuch ishlatgan.

Kuchli norozilik va tarmoqlardagi bosim ortidan FIFA Argentina futbolchilarining xatti-harakati tekshirilishini ma’lum qildi.

jahon chempionatififajanni infantinolionel messihakamlik mojarolarisiyosiy aralashuvfolarin baloganargentina terma jamoasi