Norvegiyada ona o‘g‘liga g‘ayrioddiy ism qo‘ygani uchun qamaldi

Norvegiyada ko‘p bolali ona o‘g‘liga g‘ayrioddiy ism qo‘ygani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Kirsti Larsen ismli ayol o‘n uchinchi farzandi tug‘ilishidan oldin tush ko‘rgan. Tushida bir ovoz unga tug‘ilajak o‘g‘lini Brij (inglizchadan “ko‘prik”) deb atashni buyurgan. Shundan so‘ng ayol bu ismning ibroniycha muqobili – Gesher ismini tanlashga qaror qilgan.
Biroq Norvegiya hukumati bu ismga ruxsat bermagan. Rasmiylarning fikricha, bu ism juda “begona” bo‘lib, mamlakat qonunlariga ko‘ra bolaning kelajakdagi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayol o‘z qaroridan qaytmagan va sudga murojaat qilgan, ammo uning urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Sud ayolga taxminan 1600 krona (168 dollar) miqdorida jarima solgan, ammo u bu summani to‘lashdan bosh tortgan.
“Agar bu jarimani to‘laganimizda, aybimiz borligini tan olgan bo‘lardik”, degan ayol.
Jarima to‘lashdan bosh tortgani uchun uning jazosi ikki kunlik qamoq bilan almashtirilgan. Ma’lumot uchun, Norvegiyada ism berish bo‘yicha qonun 1800-yillarda qabul qilingan. Bu qonun bolaning kelajagiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki noqulay deb topilgan ismlarni rad etishga ruxsat beradi.
Avvalroq xitoylik erkak chumoli sabab bir yilga qamalgani haqida xabar berilgandi. U Keniya sudida kontrabandada ayblanib, qariyb 8 ming dollar jarimaga ham tortilgan.

