NKMK ishchisi gilam bo‘laklari yordamida 35 mln so‘mlik oltinni o‘g‘irlashga urindi.
Tegirmon mashinisti tarkibida oltin bo‘lgan bo‘tanani gilam bo‘laklariga to‘yintirish orqali zavod hududidan olib chiqishga harakat qilgan. Gilam bo‘laklaridan tarkibida 19 grammga yaqin oltin bo‘lgan ma’danli qum aniqlangan..

NKMK ishchisi gilam bo‘laklari yordamida 35 million so‘mlik oltinni o‘g‘irlashga urindi. Tegirmon mashinisti oltin tarkibidagi bo‘tanani gilam bo‘laklariga joylashtirib, zavod hududidan olib chiqishga harakat qilgan. Gilam bo‘laklaridan 19 grammga yaqin oltin bo‘lgan ma’danli qum aniqlangan.
Navoiyda zavoddan oltin o‘g‘irlashga uringan NKMK ishchisi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 36 yoshli H.O. NKMK Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 2-sonli GMZ maydalash sexida tegirmon mashinisti sifatida ishlagan. U 20 mart kuni tarkibida qimmatbaho metall bo‘lgan bo‘tanani 2 ta gilam bo‘lagiga joylashtirib olib chiqishga uringan, ammo bu harakati fosh bo‘lgan.
Gilam bo‘laklaridan 35 million so‘mlik 18,44 gramm oltin va 120 ming so‘mlik 4 gramm kumush bo‘lgan 4 kg.dan ortiq ma’danli qum aniqlangan.
“20 mart kuni smena asosida ishga keldim va belgilangan tegirmonlar oldiga bordim. 29-sonli tegirmonning pastki quyilish quvurlari qopqoqlarini ochib, u yerga 2 dona gilam bo‘lagini qo‘ydim. Smena yakunida gilam bo‘laklarini olib, sellofan paketga soldim. Ularni olib ketayotgan vaqtimda qarshisidan zavod tartibot bo‘limi xodimlari chiqib qoldi. Ularni ko‘rishim bilan qo‘limdagi paketni yon tomonga tashladim. Xodimlar mening harakatlarimdan shubhalanib, paketni ochib ko‘rishdi. So‘ngra ichki ishlar organlari xodimlariga xabar berishdi,” deb aytgan u suddagi ko‘rsatmasida.
H.O. oilaviy va moddiy sharoiti og‘irligini, oilada yagona boquvchi ekanini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Tomdi tuman sudining hukmi bilan H.O. Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi (o‘g‘rilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga BHMning 10 baravari (4 million 120 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

