Neymar faoliyatini qaysi klubda yakunlashi haqida ma’lumot berildi

Neymar faoliyatini yakunlashi mumkin bo‘lgan klub nomi oshkor etildi.
Braziliyalik hujumchi Neymar AQSHning “Inter Mayami” klubiga o‘tish istagini bildirgan. Uning jamoaga 2027-yilda kelib qo‘shilishi kutilmoqda. Bu haqda Braziliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Felipe Melo ma’lum qildi.
Melo futbolchining vakillari bilan bog‘langanini va Neymar 2027-yilning yanvarida “Santos”dan “Inter Mayami”ga o‘tishni xohlayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Neymar Mayami klubida o‘zining “Barselona”dagi sobiq jamoadoshlari — Lionel Messi va Luis Suares bilan yana birga o‘ynashni istamoqda. Eslatib o‘tamiz, bu uchlik 2014—2017-yillarda Kataloniya klubi safida jami 363 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 34 yoshli Neymar 2025-yilning yanvar oyida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubidan o‘zining qadrdon “Santos” jamoasiga qaytgan edi.
Neymar Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. U “pentakampeonlar” tarkibida jami 130 ta o‘yinda ishtirok etib, 80 ta gol muallifiga aylangan. U milliy jamoa safida 2016-yilgi Olimpiada o‘yinlari va 2013-yilgi Konfederatsiyalar Kubogida oltin, 2012-yilgi Olimpiada va Amerika Kubogi-2021 musobaqalarida esa kumush medallarni qo‘lga kiritgan. Futbolchi JCh-2026 musobaqasida ishtirok etib, 2023-yilning oktabridan buyon ilk bor Braziliya terma jamoasi libosida maydonga tushdi.

